
Bunaqa rekord Messining ham, Ronalduning ham qo‘lidan kelmagan
Evropa Chempionlar ligasining chorak final birinchi uchrashuvida “Barselona” futbolchilari o‘z maydonida “Borussiya Dortmund” jamoasini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuv qahramoni sobiq jamoasi darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilgan Robert Levandovski bo‘ldi.
36 yoshli polshalik hujumchi dubl orqali Evropa Chempionlar ligasining rekordchisiga aylandi.
Opta Sport markazining ma’lum qilishicha, Levandovski qit’aning eng nufuzli musobaqasi tarixida uchta turli jamoada bir mavsumda o‘nta va undan ko‘p gol urgan yagona futbolchi hisoblanadi.
Robert “Barselona”dan tashqari “Borussiya” va “Bavariya”da o‘ynab yurgan kezlari Chempionlar ligasining bir mavsumida o‘nta va undan ko‘p to‘p kiritgan edi.
Bundan tashqari, dortmundliklar darvozasidan joy olgan to‘plar Robert Levandovskini Chempionlar ligasi to‘purarlari reytingidan uchinchi qatordagi o‘rnini mustahkamladi. Musobaqa tarixida faqat Krishtianu Ronaldu (140 ta gol) va Lionel Messi (129 ta gol) polshalik forvarddan oldinda joylashgan.
Fikrlar