Bubanya, Miloyko va Toirov "Andijon"da tengsiz, chunki...yoxud tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

  • 3 iyul, 2022, 22:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligada ham klublar yozgi ta’tilga chiqdilar. Mavsumning dastlabki qismidagi o‘yinlar uchun endi barcha jamoalar o‘zlariga tegishli xulosalarni chiqarishadi va tahlil qiladilar. Shulardan kelib chiqib yozgi yig‘inni olib boradilar hamda mavsumning ikkinchi qismi uchun tayyorgarlikni davom ettirishadi. Hali hammasi oldinda. Chunki ikkinchi davraning yana yarim bahslari bor va undan keyin klublar beshtalikka ajraladilar.

Tecno

“Andijon” klubi yozgi ta’tilga 2-o‘rin bilan chiqdi. Jamoa matbuot xizmatining xabar berishicha, o‘tgan oyda “Burgutlar” uchta o‘yin o‘tkazdilar. “Yangier” bilan 0:0 hisobida durang qayd etildi. “Bobur Arena”da “Xorazm” 2:1 hisobida taslim etildi va Nukusda “Aral Samali”ni 1:6 hisobida tor-mor keltirishdi. Gol urish borasida sermahsullik oshgan. 3 ta uchrashuvda 8 ta gol kiritildi hamda 2 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan.

“Aral Samali”ga qarshi bahsdagi 1:6 natijasi hozircha pro ligada bir uchrashuvda eng ko‘p gol urilgan o‘yinga aylandi. Qolaversa, andijonliklarning eng yirik hisobdagi g‘alabasi bo‘lib turibdi. Umumiy hisobda “Andijon” shu kungacha chempionat doirasidagi 13 ta bellashuvda raqiblar darvozasiga 22 ta gol urdi va o‘z darvozasidan faqat 9 ta to‘p o‘tkazib yubordi.

andijon makola

Xo‘sh, iyun oyida qaysi futbolchilar gol urishdi? Jamoa to‘purari bo‘lib turgan Shahboz Erkinov jarohatidan forig‘ bo‘lib maydonga qaytgach, yana foyda keltirishni boshladi. “Aral Samali”ga qarshi bahsda dublga erishdi. Shuningdek, o‘tgan oyda Bogdan Milich, Ildar Mamatkazin, Muhammadkarim Toirov, Goron Miloyko, Malikshoh Rasulov hamda Sherzod Esonov gol muallifiga aylandilar. Erkinov ayni paytda to‘purarlar orasidan 7 ta goli bilan joy olgan.

Bundan tashqari, iyun oyidagi uchta uchrashuvda jamoa a’zolaridan 6 nafar futbolchi sariq kartochka bilan “siylangan”. Jumladan, “Yangier”ga qarshi uchrashuvda Ildar Mamatkazin, Abdurahmon Komilov va Abduvohid G‘ulomov, “Xorazm” bilan bellashuvda esa Muhammadkarim Toirov bilan yana Ildar Mamatkazin va “Aral Samali” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Farhod Sohibjonov hamda Ibrohim Muxtorov ogohlantirilgan. Faqat Mamatkazin ikki marta sariq kartochka “olgan”.

andijon makola3

Darvoqe, Vladimir Bubanya, Goron Miloyko Muhammadkarim Toirov iyun oyidagi barcha o‘yinlarni to‘liq 100 foiz o‘tkazgan futbolchilarga aylandilar. Bu borada ular tengsiz.

Shu o‘rinda andijonlik muxlislarga alohida tashakkur bildirish o‘rinli. Klub iyun oyida safarda ikkita va o‘z maydonida bitta o‘yin o‘tkazdi. Barcha bellashuvlarda andijonlik muxlislar stadionda faollik ko‘rsatishdi. Hatto, olis Nukusda ham jamoa muxlislari jam bo‘lishdi. “Yangier” maydonidagi uchrashuvda ham yuzlab ishqibozlar stadionda futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashdi. “Bobur Arena”da “Xorazm”ga qarshi o‘yinda esa 6250 muxlis bevosita “Andijon”ni olqishlab turdi.

Oldin xabar berganimizdek, “Andijon” yozgi yig‘inni 5 iyuldan Dukentda boshlaydi. Rejaga ko‘ra, u erda 15 iyulga qadar mashg‘ulotlar davom ettiriladi. 18-30 iyul oralig‘ida esa yig‘in Toshkentda olib boriladi. Albatta, transfer oynasi ochilgan mahalda tarkibda ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi va hozirda muzokaralar jarayoni davom etmoqda. Yangi futbolchilar bilan shartnomalar imzolangan zahoti bu haqida “Andijon” matbuot xizmati rasman ma’lum qilishi ham ta’kidlangan.

andijon makola1

Bir so‘z bilan aytganda, rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikov jamoasi uchun oldinda juda muhim uchrashuvlar turibdi. Pro liga favoriti hisoblangani sababli u erda barcha klublar “Andijon”ga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga urinishlari tabiiy. Shu sababli tarkibdagi raqobatni yanada kuchaytirish aslo zarar qilmaydi. Qolaversa, yozgi tayyorgarlikka ham ko‘p narsa bog‘liq. Hozircha mavsumning dastlabki qismida andijonliklar ayniqsa jismoniy tarafdan ancha yaxshi holatda ekanliklari o‘yinlar davomida ko‘zga tashlandi. Shunday ekan, “Burgutlar” tarkib va o‘yin jihatidan ham mavsumning ikkinchi qismida barqarorligini saqlashi talab etiladi. Balki jamoa transfer oynasi ochilgan zahoti yangi o‘yinchilarning transferini e’lon qilishni boshlar...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!