
"Bu erdan chempionatga tayyor jamoa sifatida boramiz, qo‘limizdan nimalar kelishini bilamiz" yoxud Berdievning ishtiyoqi katta
Turkiyaning Antaliya shahrida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Andijon” klubi ham mashg‘ulotlardan tashqari nazorat uchrashuvlariga ham e’tibor qaratmoqdalar.
Kecha “Burgutlar” ikkita o‘yinda ishtirok etdilar. Dastlab Rossiyaning “Veles” jamoasini 5:1 hisobida mag‘lub etdilar. Kechki mahal Gruziyaning “Samtredia” jamoasiga qarshi bahsda hisob ochilmadi.
Jamoaning tajribali futbolchilaridan biri Suhrob Berdiev “Veles”ga qarshi uchrashuvda ikkita gol urdi. Ayni paytda Turkiya yig‘inida bo‘lib turgan ushbu o‘yinchi o‘rtoqlik uchrashuvlari borasida gapirdi.
“Vaziyatlarni golga aylantirishda qiynalayotgandik”
- Bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazganimizni sababi, murabbiylar ikkita tarkibdagi barcha futbolchilarga 90 daqiqadan o‘ynatishni lozim topdilar. Bu yog‘iga mavsum yaqin, 90 daqiqalik o‘yinlarga tayyorlanishimiz kerak, shunga ikkitadan uchrashuv tashkil qilindi, deb o‘ylayman. “Veles”ni yirik hisobda yutganimizga kelsak, bundan oldingi uchrashuvlarda ham ko‘p imkoniyatlardan foydalana olmayotgandik. Vaziyatlar yaratayotgandik, ammo golga aylantirishda qiynalayotgandik. Bu safar o‘z imkoniyatlarimizdan foydalandik. Shu sababdan yirik hisob bo‘ldi, deb o‘ylayman.
“Yana ishlashda davom etamiz”
- Ikkinchi o‘yinimiz ham yaxshi o‘tdi. Bu bellashuvda ham jamoamiz ko‘proq to‘pni nazorat qildi. Faqat gol urishda biroz omadimiz chopmadi. Menimcha, gruziyaliklarga qarshi o‘yinda ham bizda xavfli vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Yana ishlashda davom etamiz va keyingi o‘yinlarga tayyorlanamiz.
“Raqiblarimizni kuchli yoki kuchsiz deb ajratmayman”
- Ikkala raqibimiz yaxshi saviyada. Dastlabki bahsda men ko‘proq o‘ynadim. “Veles”ga qarshi birinchi bo‘limda ancha qiynaldik. Ikkinchi taymdagi imkoniyatlardan foydalanganimizdan keyin hisob yiriklashdi va raqib bo‘shashib qoldi. Biz esa maydonda o‘zimiz o‘ylagan rejalarimizni bemalol amalga oshira oldik. Ikkinchi uchrashuvda kamroq o‘ynadim. Ammo jamoamiz yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Raqiblarimizdan unisi yoki bunisini kuchli deb ajratmagan bo‘lardim. Biri Rossiya birinchi divizionida, yana biri Gruziya chempionatida qatnashadi. Ikkala klub ham yoqdi, jismoniy taraflama baquvvat ekan.
“Oldimizda yana ikkita o‘yinimiz bor”
- Antaliyadagi yig‘inimiz yaxshi ketyapti. O‘yindan-o‘yinga sport formamizga kirib boryapmiz. Xatolarni keyingi uchrashuvlarda takrorlamaslikka harakat qilib, murabbiylarni ko‘rsatmalarini maydonda bajarishga intilyapmiz. Oldimizda ikkita o‘yinimiz bor. Barcha vazifani maydonda ko‘rsatib, yaxlit jamoa sifatida shakllanib, nasib qilsa chempionatga tayyor jamoa bo‘lib boramiz, degan umiddaman.
“Superliga saviyasiga kirib boryapmiz”
- Pro liga bilan Superligani darajasida farq bor. Albatta Superliga saviyasiga kirib bormoqdamiz. Biz futbolchilar o‘z imkoniyatlarimizni va qo‘limizdan nimalar kelishini bilamiz. Superligada raqobatbardosh jamoa bo‘lamiz. Shunchaki, ochko ulashadigan klub bo‘lib qolmaymiz. G‘alaba uchun oxirigacha kurashamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar