
Botir Qoraev va Zafar Xolmurodov kabi sobiq futbolchilar OFKning "A" diplomi bo‘yicha o‘quv kurslarida ishtirok etishmoqda
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizda murabbiylik sohasini rivojlantirish, murabbiylar mahoratini oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, "Chig‘atoy" sport bazasida "A" diplomi uchun OFKning xalqaro murabbiylik kurslari ikkinchi moduli boshlandi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
Mazkur kurslarda 24 nafar murabbiy qatnashmoqda. Ular orasida Botir Qoraev, Zafar Xolmurodov, Aleksandr Xvostunov, Karima Yo‘ldosheva kabi taniqli mutaxassislar bor. Mazkur o‘quv kurslarining birinchi moduli joriy yilning 22-26 aprel kunlari bo‘lib o‘tgandi.
Murabbiylik kurslarini FIFA va OFK instruktori Islom Ahmedov olib bormoqda. Unga Davron Qudratullaev yordam beryapti.
Mazkur o‘quv kurslari 4 moduldan iborat bo‘ladi. Modullar orasida bir oy tanaffus qilinib, bu vaqtda murabbiylar mustaqil ravishda berilgan topshiriqlarni bajarishlari kerak bo‘ladi. "A" diplomi uchun o‘quv kurslarining 3-moduli 24-28 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Fikrlar