
Boks. Olimpiadani kimlar tark etdi? Qaysi bokschilardan medal kutyapmiz?
Rio Olimpiadasida yurtimiz nomini dunyoga yoygan, medallar reytingida yuqoriroq joylashishimizga sabab bo‘lgan boks bu safar biroz oqsayotgandek ko‘rinmoqda. Har holda, 11 bokschidan 6 tasi chorak finalga ham chiqa olmasligi biz uchun sensatsiya. Balki avlodlar almashinuvi o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgandir. Bugun O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Tokioga yo‘l olgan bokchilarimizning umumiy natijalari bilan tanishtirib o‘tamiz:
Olimpiadani tark etganlar:
Birinchi bo‘lib -69 kg vazn toifasida kurashga qo‘shilgan Shahnoza Yunusova polshalik Karolina Koshevskaya qarshiligini sindira olmadi va turnirni 1/16 final bosqichidayoq tark etishda majbur bo‘ldi. Hammasi o‘sha jangdan keyin boshlandi...
Og‘ir vazn toifasida ringga ko‘tariladigan bokschimiz Sanjar Tursunov ham o‘z yurishini birinchi bosqichdayoq to‘xtatdi. 22 yoshli sportchi o‘zining ilk Olimpiadasida jazoirlik Abdelxafid Benchabalaga mag‘lub bo‘ldi va turnirni erta yakunlashga majbur bo‘ldi.
Oltin medal uchun asosiy da’vogarlardan biri Mirazizbek Mirzahalilov kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Irlandiya sharafini himoya qilayotgan Kurt Uokerga qarshi jangda hakamlar e’tirozli qarorlar bilan raqib g‘alabasini qayd etdi. Bellashuv Uokerning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Olimpiya o‘yinlarini tark etgan 4-bokschimiz, -81 kg vaznga ega Dilshod Ro‘zmetov qolgan jamoadoshlaridan farqli o‘laroq, birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgandi. Irlandiyalik Emmet Brennanga qarshi kechgan bahs vakilimizning to‘liq ustunligi bilan yakunlandi. Ammo nimchorak finalda asli kubalik bo‘lgan Ozarayjon delegatsiyasi a’zosi Alfonso Dominges Ro‘zmetovni musobaqadan chiqarib yubordi.
Qizlar boksida Tursunoy Rahimova birinchi bosqichni polshalik Sandra Drabikka qarshi o‘tkazdi va ishonchli g‘alabaga erishdi. Medal sari dadil odimlagan Rahimova Turkiya vakili Buse Naz Chaqiro‘glu bilan jangda katta qiyinchilikka duch keldi va hakamlarning qaroriga ko‘ra, 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
-75 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Fanat Qahramonov ham Tokio Olimpiadasini muvaffaqiyatli boshlagandi. Gruziyalik Georgiy Xarabadzeni ochkolar hisobida enggib, keyingi bosqichga chiqqan Fanat “boks el-klassikosi”da Abilxan Amankulga yutqazdi.
Turnirni tark etgan bokschilarimiz dilni qanchalik xira qilgan bo‘lsa, o‘z yurishini davom ettirayotgan sportchilarimiz shunchalik xursand qilmoqda. Boisi, hali bizda Tokio Olimpiadasi chempioni bo‘lish uchun da’vogarlik qilayotgan bokschilar etarli.
Olimpiadada yurishini davom ettirayotganlar:
O‘tgan safargi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘lgan Shahobiddin Zoirov bu safar ham chempion bo‘lishi kutilmoqda. Birinchi jangida turkiyalik Batuxan Chiftchini turnirdan chiqarib yuborgan vakilimiz endi Kaba Verde sharafini himoya qilayotgan Daniel Davidni sinovdan o‘tkazib ko‘radi. Ma’lumot uchun, Shahobiddinda ikki Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan ilk bokschi sifatida O‘zbekiston tarixiga kirish imkoniyat bor.
-63 kg Elnur Abduraimov mongoliyalik Baatarsux Chinzorig bilan kechgan birinchi bosqich bellashuvida biroz qiyinchilikka duch keldi. Ammo endi bunaqasi bo‘lmasligi lozim. Uni tojikistonlik Bahodur Usmonovga qarshi jiddiy bellashuv kutib turibdi.
Katta umidlar bildirilayotgan Bobousmon Boturov ham birinchi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. -69 kg vaznda ishtirok etayotgan hamyurtimizning ilk raqibi Dominikan Respublikasidan tashrif buyurgan Emiliano Polanko bo‘ldi. Bir tempda kechgan jangni Boturov ishonch bilan o‘z foydasiga hal etdi. Keyingi bahs Buyuk Britaniya vakili Pet MakKormakka qarshi kechadi. Biz Bobousmondan faqat g‘alaba kutamiz.
Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston bayroqdori, oltin medal uchun asosiy da’vogar Bahodir Jalolov 29 iyul kuni bahslarga kirishdi. +91 kg vaznga ega sportchimiz Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Muhammad Abdullaevni katta farq bilan dog‘da qoldirdi chorak finalga yo‘l oldi. Unga yarim final ostonasida hindistonlik Satish Kumar raqiblik qiladi.
Tokio Olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan so‘nggi bokschimiz Rayxona Qodirova 30 iyul kuni o‘z yurishini boshlaydi. -57 kg vazn toifasidagi sportchilar bellashuvida vakilamizga Kongo Demokratik Respublikasidan tashrif buyurgan Naomi Yumba raqiblik qiladi.
Ko‘rib turganingizdek, ahvol havas qilarli darajada emas. Katta umidlar bilan Tokioga kuzatib qo‘yilgan delegatsiya ishonchni u qadar oqlay olmayapti. Biroq Rioda sportchilarimiz so‘nggi kunlarda ancha faollashib qolgani va medallar jamgarishda yaxshi natijalar qayd etganini inoyuatga olsak, umid qilishimiz uchun yaxshigina sabablar bor.
Fikrlar