Bobur Hamdamov: "Yurtimiz sha’nini munosib himoya qilsam bo‘ldi"
Xabaringiz bor, 20-22 sentyabr kunlari poytaxtimizda K-1 bo‘yicha havaskor va professionalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa, professional janglarga qiziqish yuqori bo‘layotganligi sir emas. Chunki, ushbu yo‘nalishda bir qator o‘zbek yakkakurash olamining namoyandalari ringga ko‘tarilishadi. Ular orasida shubhasiz eng mashhurlaridan biri Bobur Hamdamovdir. Samarqand viloyatida tavallud topgan ushbu sportchimiz K-1 bo‘yicha og‘ir vaznda ya’ni 91 kgda mutloq jahon chempioni sanaladi. Ko‘p karra Osiyo chempioni, beshta kamarni qo‘lga kiritgan. Xullas, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu sport turida yurtimizning eng ko‘zga ko‘ringan atleti hisoblanadi.
Biz ushbu sportchimiz bilan turnir avvalida qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Bobur jangga tayyorgarlik rosa avjida bo‘lsa kerak?
- Albatta, juda muhim turnir. Shuning uchun, mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratganmiz. Qolaversa, o‘z uyimizda jang olib boramiz. Shunday ekan, xalqimizni ishonchini oqlashimiz zarur.
- Vatanimizda, o‘z muxlislaringiz qarshisida jang o‘tkazish qiyin emasmi, chunki, o‘ziga hos bosim yuzaga kelishi mumkin?
- To‘g‘risi, ringga chiqqanimdan so‘ng, barchasini unutaman. Faqat raqibni qay tarzda mag‘lub etish borasida fikr qilaman. Shuning uchun, bosim bo‘ladi deb o‘ylamayman.
- Adashmasam, muaytay sport turi tarbiyalanuvchisi edingiz?
- Ha, ushbu sport turi bilan 11 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Ustozlarim Bahodir G‘ulomov hamda Sherali Qurbonovlar yordamida muaytayning sir-asrorlarini o‘rganganman.
- Umuman olganda taylarning milliy sport turidagi natijalaringiz qanday?
- Ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi, Jahon chempionati vitse-chempioni, professional yo‘nalishda interkontinental kamarini qo‘lga kiritganman. Qit’a chempionati g‘olibi va sovrindori bo‘lganman. Umuman olganda natijalarimdan ko‘nglim to‘ladi.
- Demak, bitta chempionlik kamaringizni muaytayning professional yo‘nalishidan olgansiz... Qolgan to‘rttasinichi?
- Ularni aynan K-1 turnirlarida qo‘lga kiritganman.
- Raqibingizni o‘rganish ishlari ham olib borilgan bo‘lsa kerak?
- Ishonasizmi? Xatto, raqibimni kimligiga ham qiziqqanim yo‘q. Kim bo‘lsa, ham uni mag‘lub etib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilsam bo‘ldi.
- Vaqtingiz tig‘iz bo‘lsada, bizga vaqt ajrata olganingiz uchun raxmat. Sizga omad tilaymiz!
Raxmat. Nasib qilsa, g‘alaba qozonib, barcha yurtdoshlarimizni xursand qilish niyatidamiz. O‘z o‘rnida barchani ushbu jang kechasiga taklif qilib qolaman.
Ahmadbek EShMATOV suhbatlashdi.



Fikrlar