"Birdaniga 22 ta zo‘r futbolchi topib olgani sehrgar emasmiz" - Bahrom Haydarov Namangandagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng yana nimalarni aytdi?

  • 26 may, 00:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 11-turida “Navbahor” Namanganda “Qo‘qon-1912”ni qabul qildi va 3:0 hisobida raqibini taslim qildi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov qatnashdi.

Tecno

- “Navbahor” jamoasini chiroyli g‘alabasi bilan tabriklayman. Og‘ir mag‘lubiyat bo‘lishiga qaramasdan oxirigacha bizni qo‘llab turgan muxlislarimizga katta rahmat. Bugungi mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman. “Navbahor” ishqibozlarini g‘alaba bilan tabriklayman. Bevosita uchrashuvga kelsak, 20-daqiqagacha “Navbahor” tezkor futbol namoyish etdi. Biz shu narsaga tayyorgarlik ko‘rgan edigu, ammo eplay olmadik. Qanotlardagi futbolchilari – Alisher Odilov va Ruslan Jiyanov, shuningdek, Abbos G‘ulomov, shu uchalasi oldingi uchrashuvlarda ham jamoaning oldingi chizig‘ida yaxshigina bosim o‘tkazishayotgandi. O‘yinning dastlabki 20-25 daqiqasida ularni to‘xtatishni eplay olmadik. Shu orada ikkita to‘p o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz deb o‘zgarishlarni qildik. Ammo penaltidan keyin hisob 3:0 bo‘ldi. Bunday natija sustkashlikka olib keladi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz oxirigacha kurashishdi. Ikkala bo‘limda ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Ozgina mahorat etishmadi. Ularni ayblay olmayman, buni ustida ular ishlashyapti. O‘ylaymanki, golli imkoniyatlardan foydalinishni hech bo‘lmasa 50 foizini eplay olsak, boshqacha natijalar bo‘ladi. Lekin buni uddalay olmadik. “Navbahor” esa o‘z imkoniyatlaridan yaxshi foydalandi. Mezbonlar haqli g‘alabaga erishdi.

- Vodiy derbilari tajovuzkor, keskin kurashlarga boy bo‘ladi. Bugun har ikkala jamoa muxlislarga chiroyli futbol berishdi. Jiyanov va Odilov haqida gapirdingiz. Jamoangizda ikkala qanotda tezkor vingerlar etishmayotgandek tuyulyapti...

- Tezkor vingerlarni “Navbahor” oldi. Superligaga chiqqan jamoa sifatida bunday mahoratli o‘yinchilarni jalb qilishimiz qiyin bo‘ladi. Jiyanov, Odilovga o‘xshagan futbolchilarni chaqirsak moliyaviy va obro‘si tomondan yil boshida “Navbahor”, “Bunyodkor” kabi klublarni tanlashadi. Superligada o‘zimizni ko‘rsatib, o‘rtamiyona emas, kuchliroq jamoalaridan biriga aylansak, o‘ylaymanki, bunday saviyadagi futbolchilar ham bizga kelib qo‘shiladi. Har qanday murabbiy tarkibida bu kabi o‘yinchilar bo‘lishini xohlashsa kerak. Yoshlardan ham iqtidorlilarini qidiryapmiz. Ko‘p pozitsiyalarimizda o‘zgarishlar ham bo‘ladi. Birdaniga 22 ta zo‘r futbolchi topib olgani sehrgar emasmiz. Kimdir jamoamizga qo‘shilib ketyapti, kimdir qo‘shilib keta olmayapti.  

- Qo‘qon futbolini rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalar bor?

- Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak, asosiy homiyimiz yo‘q. Buni yashirishni keragi yo‘q. Shahar va viloyat hokimiyati tomonidan yordam berib kelinyapti. Homiy izlashda davom etilyapti. Jamoamizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan rahbarlar oldimizga Superligaga chiqish vazifasini qo‘yishgandi. Shu bilan birga ko‘proq yoshlarni o‘ynatish ham vazifalardan biri. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizda ham iqtidorli yoshlar bor. Lekin Superligani bosimi tufayli ular barqaror o‘ynay olishmayapti. Biz ham faqat yoshlardan jamoa qilishni xohlaymiz. Bunga “Surxon”ni misol qilsa bo‘ladi. Jizzax jamoasini ham misol keltirish mumkin. 2-3 yil davomida yoshlarni yig‘ib, shunday tarkib shakllantirib olishgan. Bizni ham maqsadimiz shu. Qo‘qonda akademiya, o‘zini futbol bazasi bo‘lishi kerak. Bu yil ham katta ishlar amalga oshirildi va katta mablag‘lar sarflandi. Maydonlar va mashg‘ulot maydonlari zamonaviy tarzda barpo etildi. Ish to‘xtamayapti, rivojlanish ketyapti. Barchasi davom etadi, rahbarlar shuni xohlashyapti. Bu yarim yo bir yillik jamoa emas. Qo‘qon xalqini xursand qiladigan jamoa tashkil qilish kerak. Yoshlar tajribali o‘yinchilar yonida o‘sadi. Lekin hali bir tekisda ketmayapmiz. Mana, uchta turdan beri yutolmayapmiz. Jamoani kuchi va ahilligi mana shunday vaziyatlardan chiqib keta olsa, og‘ir kunlarga ham tayyor bo‘lgan o‘sha jamoa kuchli bo‘ladi. Biz murabbiylar shtabi va futbolchilar shunday qiyin holatdan chiqib keta olsak, ana o‘shanda kuchli jamoa bo‘lamiz. Hozircha shu narsaga qadam bosyapmiz, degan xulosaga kelyapman.   

- Jamoangiz darvozasiga kiritilgan ikkinchi tezkor gol o‘yinga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi, deb o‘ylaysiz?

- O‘yinni yana qayta ko‘rib chiqamiz. Standartlar qiyin narsa. Buning ustida ishlaymiz. Siz aytgandek, tezda ro‘y berdi va bu ham katta ta’sir qildi. Ikkinchi goldan ham ko‘ra tanaffusda yigitlar o‘zlariga kelib, ruhlanib maydonga tushishgach, o‘tkazib yuborilgan uchinchi gol menimcha juda ham ta’sir ko‘rsatdi. 3:0 da ortda qolish, boz ustiga safarda “Navbahor”dek jamoaga qarshi o‘yinda bu juda qiyin masala. Lekin yigitlar harakat qilishdi, shuning uchun rahmat aytaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!