"Beton"lashgan himoya, Superligani ko‘zlayotgan "Aral" yoxud Pro ligada nima gap?

  • 19 iyul, 2024, 16:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Ayni paytda chempionatimizda yozgi tanaffus va jamoalar bunday paytda yozgi yig‘inga asosiy urg‘uni qaratishgan. Superliga klublari astoydil ikkinchi davraga taraddud ko‘rishmoqda va bu borada sizlarni saytimiz orqali yangiliklardan boxabar qilib boryapmiz. Superligadan tashqari pro liga klublari ham o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlanishmoqda. Quyida shu xususida so‘z yuritmoqchimiz.

Pro ligada Ulug‘bek Baqoev ustozlik qilayotgan “Buxoro” klubi yakka peshqadamlik qilmoqda. 14 ta o‘yinda 7 g‘alaba, 6 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 27 ochko jamg‘ardi. Baqoev jamoasi standartlarga ko‘proq urg‘u qaratadi va himoya “beton”lashgan. So‘zimiz isboti sifatida shuni aytish mumkinki, “Buxoro” 14 ta uchrashuvda shu kungacha o‘z darvozasidan bor yo‘g‘i 4 ta to‘p olib chiqqan xolos. Hozirda Baqoev jamoasi Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazyapti. O‘tgan yili ham Baqoev yozgi yig‘inni shu erda olib borgan. Yaqinda klubni Fozil Musaev va Shoxmalik Komilov tark etishdi. Undan tashqari yana ayrim o‘yinchilar ham ketishdi. Serbiyalik Milan Mirosavlev “Buxoro”ning yozgi transferdagi ilk xaridiga aylandi. Superligaga qaytish uchun “Buxoro” shubhasiz birinchi raqamli da’vogar.

Asror Aliqulov boshchiligidagi “Mash’al” “Buxoro”dan bir ochko kam jamg‘arib 2-o‘rinda boryapti. Bu jamoa birinchi davrada hammadan ko‘p gol urdi – 21 ta. O‘tkazilgan gollar bo‘yicha “Buxoro”dan keyin ikkinchi o‘rinda. 8 ta to‘p olib chiqqan. Tarkibida tajribali va iqtidorli yoshlarning uyg‘unlashuvini ko‘rish mumkin. Hozirda muborakliklar Yangierda shug‘ullanishyapti. Klubni bir qator o‘yinchilar tark etgan. Tarkibda yangi iqtidorlar bor.

“Buxoro” va “Mash’al” singari mavsumning birinchi yarmida 7 ta g‘alaba qozongan “Sho‘rtan” 24 ochko bilan kuchlik uchlikni yakunlab turibdi. Jamoa tayyorgarlikni o‘z qarorgohida olib boryapti. “Sho‘rtan”ni hozircha Abdug‘ani Kamolov tark etgan. Bosh murabbiy Anvar Berdievning aytishicha, tarkibda ayrim yangi o‘yinchilar bor. “Sho‘rtan” Superliga yo‘lida oxirigacha kurashishi aniq. Buning uchun ularga mavsumning ikkinchi qismi katta ahamiyatga ega.

Nukusning “Aral” klubi doimgidek etakchilarga jiddiy muammo tug‘diryapti. 23 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan jamoa Toshkentda shug‘ullanyapti. Klub rahbari Azamat Allaniyozov bilan gaplashganimizda jamoaning maqsadi Superligaga chiqish ekanini ta’kidladi. Bu jamoa mavsumning ikkinchi qismida ham raqiblariga muammolar tug‘dirishda davom etadi.

Superligaga qaytish  uchun kurashayotgan “Qo‘qon-1912” esa o‘z imkoniyati darajasida ishtirok eta olmayapti. Natijada bosh murabbiy o‘zgardi. Muhsin Nizomiddinov o‘rnini yordamchisi Bahrom Haydarov egalladi. Bu jamoa poytaxtda tayyorlanyapti. Agar ikkinchi davrada vaziyatn o‘zgartira olmasa jamoaga yanada og‘ir bo‘ladi. “Xorazm”, “Olimpik Mobiuz” va “Do‘stlik” jamoalari ham qarab turmasliklari aniq.

Pro ligadan Superligaga 1- va 2-o‘rinni egallagan klublar  to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oladi. 3 va 4-o‘rinni olganlar esa pley-off yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirishadi. Xullas, pro ligada hatto 4-o‘rin egasi ham kelasi yili Superligada ishtirok etishi mumkin. Lekin, baribir qatnashchilar avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishga urinib ko‘radilar. Mavsumning ikkinchi qismida pro ligadagi kurash yanada qiziydiganga o‘xshayapti.   

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!