Baxtiyor Ashurmatov: Ayrimlar "Qo‘qon-1912" "Andijon"ga yordam berishi mumkin, degan gap-so‘zlarni tarqatishgandi...

  • 29 noyabr, 2020, 17:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi:

Tecno

- To‘g‘risi, bugungi o‘yinning biz uchun “Paxtakor” yoki “Navbahor”ga nisbatan ahamiyati yuqori edi, - deya gap boshladi Ashurmatov. - Oxirgi paytlarda jamoamiz dushmanlari “Qo‘qon-1912” “Andijon”ga yordam berishi mumkin, degan gap-so‘zlarni tarqatib yurishgandi. Hayriyatki, bugun yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Yigitlarga g‘ururimiz uchun kurashishimizni aytgandim va ular buni uddaladilar. Bu g‘alaba ushbu mavsumda tanlagan yo‘limizdan adashmaganimizni ko‘rsatib berdi. Futbolchilarimizga katta rahmat. Rosti, “Paxtakor” yoki “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvlarda ham menda bugungichalik hayajon bo‘lmagandi. Bu derbining ahamiyati esa yuqori edi. O‘yin jangovor ruhda o‘tdi. “Andijon”ga esa Superligada qolish uchun bu oxirgi imkoniyatlardan biri edi. Bugun omad biz tomonda bo‘ldi. “Andijon”ga oxirigacha kurashgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Ushbu klubda ishlaganim bois befarq emasman. Umid qilamanki, “Andijon” Superligada o‘z o‘rnini saqlab qoladi.

- Oxirgi ikkita o‘rinni sizning sobiq klublaringiz egallab turibdi. Qaysi birini pro-ligaga tushib ketadi, deb o‘ylaysiz?

- Bu savolga javob bersam noto‘g‘ri bo‘ladi. Ikkala jamoaga befarq emasman. O‘ylaymanki, “Andijon”ning imkoniyati “Buxoro”nikiga nisbatan yaxshiroq.

- Serbiyalik legionerlar jamoani tark etdi. Ular klubga qanchalik yordam bera oldi?

- Yosovich bu yilgi omadli transferlarimizdan biri bo‘ldi. Mavsum davomida uning yordami ko‘p bo‘ldi. Rayevats esa barqaror o‘ynay olmadi. Yosovich jarohat olgandi. Qolaversa, ikkalasining ham shartnomalari tugayotgandi. Shuning uchun uylariga ketishiga ruxsat berdik. 11 oydan beri uylarida bo‘lmagandi. Keyingi mavsumda legionerlar bo‘yicha gaplashamiz. Agar Yosovich yana bizning jamoamizda to‘p sursa, bundan xursand bo‘lamiz.

- Mavsum boshida qo‘yilgan maqsadni qay darajada uddalay oldik, deb o‘ylaysiz?

- “Qo‘qon-1912” o‘z oldiga qo‘yilgan vazifadan yuqoriga sakrashga muvaffaq bo‘ldi. Afsuski, klub oxirgi yillarda Superligada qolish uchun kurashayotgandi. Jamoani qabul qilib olganimda “Qo‘qon-1912”ni yuqori o‘rinlarga kurashadigan darajaga ko‘tarishimizni ta’kidlashgandi. Oldimizga qo‘yilgan vazifani esa qaysidir ma’noda uddaladik va yana qaysidir ma’noda uddalay olmadik. Masalan, uchinchi o‘ringa yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Lekin ayrim muvaffaqiyatsiz o‘yinlarimiz bizni bunday imkoniyatdan mahrum qildi. Yigitlar mehnati bilan bundan ham yaxshirog‘iga munosib edilar.

- Muzaffarov nega zaxirada qoldirildi?

- Uni jarohati bor edi. 5-6 oy davolandi. Jismoniy holatini me’yoriga keltirish oson bo‘lmadi. Uning o‘rnida maydonga tushganlar ishonchni oqladi. Lekin bu yilgi mavsum Muzaffarov uchun jarohatlari sababli yo‘qotilgan, deb hisoblasak bo‘ladi.

- Shartnomangiz qachongacha amal qiladi?

- Bir yilga tuzilgan. Hammasi ishonch asosida. Rahbarlar qancha vaqt ishlashimni istashsa, men tayyorman. Yaxshiroq takliflar bo‘lsa, darrov ketib qolish niyatim yo‘q. Doim yurakdan ishlashga tayyorman. Agar tarkibga yana bir qator saviyali futbolchilar qo‘shilsa, barqaror ravishda yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan bo‘ladi.

- Kubokdagi vazifa qanday?

- Kubokda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. AGMK bilan Kubokni yutganimiz bunga misol. “Qo‘qon-1912” ham ko‘p narsaga qodir. Lekin tarkib masalasida muammolarimiz ko‘payib ketdi. Bunga esa ko‘pchilik e’tibor bermaydi. O‘ylaymanki, Kubok musobaqasida yaxshi qatnasha olamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!