
“Barsa” o‘tgan darvozabonning hayoti xavf ostida qoldi
Ispaniyaning yangi chempioni “Barselona” bosh murabbiyi Xans-Diter Flik kelasi mavsumda darvozani yangi golkiperga topshirishga qaror qildi.
Klub ana shu maqsadda Barselona shahrining ikkinchi jamoasi – “Espanol” darvozaboni Joan Garsiyani o‘z safiga qo‘shib oldi. Evropaning bir qator qudratli klublaridan chorlov olgan Garsiya “Barselona”ni tanladi.
Sport.es saytining yozishicha, mohir darvozabonning ashaddiy raqibga ko‘chib o‘tgani “Espanol” fanatlariga yoqmadi. Joan Garsiya “Barsa”ga o‘tgan kundan boshlab, tahdidlarga to‘la qo‘ng‘iroqlar va maktublar olyapti.
Buning oqibatida Garsiya ta’tilda bo‘lishiga qaramay, uyda qolishga majbur bo‘lyapti. U hatto xavfizlik nuqtai nazaridan “Espanol”dagi jamoadoshining tug‘ilgan kuni bilan tabriklashga ham bora olgani yo‘q. Qolaversa, telefon raqamini ham o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi.
Manbaga ko‘ra, “Espanol” klubidagilarning hammasi ham 24 yoshli golkiperning raqib jamoaga ko‘chib o‘tganini to‘g‘ri qabul qilayotgani yo‘q.
“Barselona” Joan Garsiya transferini 18 iyun kuni rasman e’lon qildi. Klub yangi darvozabon bilan 2031 yilning 30 iyunigacha davom etadigan shartnoma imzolagan.
Fikrlar