
Aziz G‘aniev nima uchun Osiyo kubogiga olib ketilmaydi? U Katanetsga to‘g‘ri kelmadimi?!
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogi oldidan 28 kishilik ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu tarkib Qatarga yo‘l oladi va ulardan 26 nafari turnirda ishtirok etadi.
Ko‘pchilik esa tarkibda nega Aziz G‘aniev yo‘qligi bo‘yicha tanqidiy fikrlar bildirmoqda. Ushbu mavzuda SPORTS.uz sayti jurnalisti Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev o‘zining Telegram kanali orqali o‘z munosabatini bildirdi.
"Aziz G‘anievning tarkibdan tushib qolgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. To‘g‘ri, Aziz jamoasida stabil o‘yin ko‘rsatib kelayotgan legionerlarimizdan, ammo masalaning negizi boshqa. G‘aniev o‘yin manerasi borasida bugungi sxemamizga mos tushmaydi.
5-2-3 da ham, 4-3-3 da ham Katanets strategiyasida erkin yarim himoyachiga ehtiyoj yo‘q. Yuqorida Eron bilan o‘yinda foydalangan ikkita sxemamiz aks etgan. Ularda kreativlikdan ko‘ra pressingda ko‘proq naf keltiradigan klassik markaziy yarim himoyachilar uchungina joy bor, xolos. Aziz TOP futbolchi, ammo hozirga sxemada u kuchli jihatlarini ko‘rsatishning imkoni yo‘q.
Meni Akmal Mozgovoyning yo‘qligi ko‘proq xayron qoldirdi. "Aki" 6 va 8 ni birdek yaxshi o‘ynay oladigan futbolimizdagi unikumlardan biri. U bemalol Hamrobekov yoki Shukurov o‘rnida o‘ynab, rotatsiyaga imkon yaratishi mumkin edi", - deyiladi xabarda.
Fikrlar