
Azim Ahmedov: "Navbahor" tarixida qolganimdan xursandman"
"Navbahor" sardori Azim Ahmedov klub matbuotiga intervyu berdi.
-O‘zim namanganlik, qolaversa, viloyatimiz futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lganligim, shuningdek, “Navbahor” nafaqat mamlakatimiz, balki Osiyo qit’asi hamda sobiq ittifoq davlatlarida ham taniqli, Superligamizning “Paxtakor” bilan birgalikda ikki muntazam ishtirokchisidan biri, shuningdek, yurtimizning eng sovrindor klublari qatoridan o‘rin olganligi bois, jamoaning yubiley goli muallifiga aylanib, “Navbahor” tarixida qolganimdan xursandman.
O‘sha yubiley gol borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, uni standart vaziyatdan so‘ng, urdim. O‘shanda darvozadan ancha uzoq bo‘lgan masofadan belgilangan jarima zarbasini tepishdan oldin ichki sezgim bilan gol urishimni sezgandim. Chunki o‘tgan mavsumda ham aynan ushbu “Istiqlol” stadionida, “Neftchi”ga qarshi kechgan bahsning uchrashuvdagi to‘xtalishlar uchun hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalari o‘tib borayotgan paytda xuddi shunga o‘xshash, ya’ni, uzoqdan kuchli zarba yo‘llab, hisobni tenglashtiruvchi to‘p kiritgandim (o‘sha o‘yinda jangovar durang – 2:2 hisobi qayd etilgandi).
Sezgim pand bermadi hamda hisobni ochuvchi gol muallifiga aylandim. Afsuski, uchrashuv yakunida alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradik. Lekin bunga loyiq emasdik.
Endi o‘z maydonimizda “Sho‘rtan”ga qarshi kechadigan bellashuvda g‘alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashish niyatidamiz. O‘sha “Neftchi”darvozasiga kiritgan shedevr golim “Navbahor”ning yubiley 1550-goli ekanligini bilganimdan keyin juda xursand bo‘ldim.
Joriy mavsumda ishqibozlarga quvonch ulashish, ijobiy natijalarni qayd etish uchun barcha imkoniniyatimizni ishga solamiz. Faqat muxlislar bizni munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishsa bo‘lgani", - deydi 33 yoshli futbolchi.
Fikrlar