
Atletlar poytaxt chempionligi uchun bellashdi
O‘zbekiston engil atletika federatsiyasi stadionida engil atletika bo‘yicha Toshkent shahar ochiq chempionati start oldi. Ushbu musobaqada poytaxt sportchilari bilan bir qatorda, mamlakatning turli hududlaridan kelgan atletlar ham ishtirok etmoqda.
Mazkur musobaqani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad Saudiya Arabistonining Dammam shahrida U18 yosh toifasida (aprel) va Janubiy Koreyaning Gumi shahrida kattalar o‘rtasida (may) o‘tadigan Osiyo chempionatiga engil atletikachilarimizni munosib tayyorlashdan iborat.
Chempionatning ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida Sharifa Davronova (2006 yil) 5,77 metr, erkaklar orasida esa Abdurahmon Mahamadjonov (2009 yil) 7,08 metrga sakradi va ularning natijasi musobaqa davomida eng yaxshiligicha qoldi.
Disk uloqtirishda Yulianna Shukina va Rashidbek Sodiqovga teng keladigani topilmadi. Turli masofaga yugurish bellashuvlarida Hasanbek Rustamjonov, Amir Eshonxo‘jaev va Lidiya Podtsepkina g‘olib bo‘ldi. 110 metrga to‘siqlar osha yugurishda Muhammad Qodirov (2008 yil) 14,97 soniya natija bilan birinchi bo‘ldi.
Fikrlar