
AQSh terma jamoasi safida o‘ynayotgan o‘zbekistonlik shaxmatchi vatandoshlariga qarshi dona surishdan bosh tortdi
Bir necha yildan buyon AQSh terma jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Toxirjonova Hindistonda davom etayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston vakiliga qarshi dona surishi mumkin edi. Biroq, ayrim sabablarga Gulruhbegim vatandoshlariga qarshi bahs olib borishni istamagan va o‘yinda qatnashmagan. Uning o‘rniga esa AQShning ikkinchi raqamli shaxmatchisi Irina Krush ishtirok etgan. Bu haqda Alisher Nikimbaev o‘zining telegram sahifasida ma’lum qildi.
“Kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va AQSh ayollar terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda o‘ziga xos voqea ro‘y berishi mumkin edi. AQSh terma jamoasida birinchi o‘rinda qayd etilgan Gulruhbegim Toxirjonova hamyurtlariga qarshi o‘ynashi mumkin edi. Biroq yakunda Toxirjonova o‘yinda qatnashmadi (ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘zi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan) va uning o‘rniga Irina Krush birinchi raqamli sportchi sifatida stolga o‘tirdi.
Bugun esa Toxirjonova Mo‘g‘ulistonga qarshi o‘yinda yana birinchi doskaga qaytdi.
Toxirjonovaning bir necha yil avval AQShga ko‘chib o‘tishi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati tomonidan janjal va korruptsiya ayblovlari bilan bog‘liqligi aytilgan edi”, - deb yozdi Nikimbaev.
Eslatib o‘tamiz, kechagi to‘qnashuvda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi AQShga qarshi o‘yinda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Fikrlar