
Andrey Kanchelskis "Metallurg"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
Mazkur o‘yindan oldin “Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bo‘lajak uchrashuv haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Mashg‘ulotlar odatdagidek o‘tdi, o‘yinga har doimgidek tayyorgarlik ko‘rdik. Ta’kidlash joizki, Superligada kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q, hattoki, turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan klublar ham har qanday jamoaga munosib qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
Jamoaning qanday kuchga ega ekanligiga faqatgina mavsum yakunidagina, uning qayd etgan natijasiga qarab, javob berish mumkin, xolos.
“Metallurg” ancha jiddiy raqib va bo‘lajak bahsning ancha shiddatli hamda keskin kurashlar ostida o‘tishi aniq. Menimcha, bekobodlikdar bilan o‘yinda maydonda haqiqiy “jang” bo‘ladi. Biz esa ijobiy natija qayd etish, muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
Toshkentda “Paxtakor” bilan bo‘lgan o‘yinda muxlislarning daldasi sababli, durang natijani qayd etishga muvaffaq bo‘ldik. Buning uchun fursatdan foydalanib, ularga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. “Metallurg” bilan bo‘ladigan bahsda ham ulardan shunday qo‘llab-quvvatlashni kutib qolamiz. Biz esa muxlislarga quvonch ulashish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz", - deb rossiyalik mutaxassisning so‘zlarini keltirib o‘tdi klub rasmiy sayti.
Fikrlar