"Andijon"da jiddiy o‘yin oldidan muvaffaqiyatli "repetitsiya"

  • 24 mart, 2024, 00:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Oldindan reja qilinganidek, 23 mart sanasida “Andijon” “Bobur Arena”da Qirg‘iziston U20 terma jamoasiga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Superligamizda navbatdagi tur 28 martdan boshlanadi va “Burgutlar” 30 mart kuni o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qiladi. Bor e’tibor mazkur uchrashuvga qaratilgani sababli andijonliklar bo‘lajak jiddiy bellashuv oldidan repetitsiya o‘tkazib oldidar.

Tecno

Bu o‘rtoqlik o‘yini bo‘lishiga qaramay, tomoshabop ruhda o‘tdi. Stadionda qariyb 2000 mingdan ziyod muxlis to‘plandi va “Andijon”ni qo‘llab turdilar. Bu xuddi chempionatdagi rasmiy o‘yinga o‘xshab ketdi. Uchrashuvni faol o‘tkazgan Farhod Sohibjonov 4-daqiqadayoq hisobni ochishga erishdi. Shundan keyin ham mezbonlarning xavfli hujumlari to‘xtamadi. Bir vaziyatda Rustam Turdimurodovning xavfli zarbasini darvozabon qaytargan bo‘lsa, yana bir holatda Sohibjonovning tepgan to‘pi ustunga tegib qoldi. Shuningdek, tinib-tinchimas Bektemir Abdumannonov ikkinchi golni kiritgandi. Biroq u hakamlar tomonidan ofsaydda deb topildi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishida ham “Andijon” yana gol urdi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Armin Boshnyak Demir Imerining aniq pasidan so‘ng 50-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bahs oxirlarida uchinchi gol ham urildi. Qishda jarohat olib davolangan va yana safga qaytgan iqtidorli himoyachi Abdurahmon Komilov zaxiradan maydonga tushdi va qaytishini ajoyib goli bilan nishonladi. U jarima maydoni ichida to‘pni o‘ziga qulay tarzda to‘g‘riladi va boshi bilan darvoza to‘rini nishonga oldi – 3:0. O‘yindan keyin muxlislar har ikkala jamoani olqishladi. Darvoqe, uchrashuvni ko‘ngilochar "Bravo" jamoasi a’zosi, Otabek Mirzaxolov ham stadionda kuzatib bordi.

Ma’lumki, Qirg‘iziston U20 terma jamoasi 20 mart kuni Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushgandi va o‘shanda ular 2:3 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu safar qirg‘izistonliklar “Andijon”ga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, Qirg‘iziston U20 terma jamoasining Andijonda tashkil qilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini yakunlandi.

Aleksandr Xomyakov shogirdlari esa 30 mart kuni “Nasaf”ga qarshi bo‘ladigan muhim uchrashuvga jiddiy tayyorlanmoqda. Yuqorida to‘xtalganimizdek, Qirg‘iziston U20 termasiga qarshi uchrashuv “Andijon” uchun yaxshi repetitsiya vazifasini bajardi. Murabbiyning ko‘rsatmalarini maydonda bajargan holda javobsiz 3 ta gol urdilar. Bu esa Superligadagi bo‘lajak o‘yin oldidan futbolchilarga qo‘shimcha kuch va shijoat bag‘ishlasa ajab emas.

“Andijon” – Qirg‘iziston U20 – 3:0 (1:0).

23 mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni.

Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Ziyodullo Abdurahmonov, Jamshid Bakirov.

Nazoratchi: Tohir Nizomov.

“Andijon”: Igor Litovka, Marlen Chobanov, Ildar Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev, Demir Imeri, Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov, Rustam Turdimurodov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Shahboz Erkinov,  Mohir Komilov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abduvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Armin Boshnyak, Suhrob Berdiev, Sunnat Abdullajonov, Luka Zgurskiy, Farhod Bekmuratov.

Qirg‘iziston U20: Aziret Usmanaliev, Adilet Doolotkeldiev, Daniel Razulov, Sardor Nematov, Atay Eshankulov, Farux Kasimov, Milan uulu Xamza, Rauf Asinov, Kayrat Abdirasulov, Uruskeldi Madanov, Kubanchbek uulu Manas.

Gollar: Farhod Sohibjonov, 4 – 1:0. Armin Boshnyak, 50 – 2:0. Abdurahmon Komilov, 88 – 3:0.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!