"Andijon" bu borada eng yaxshisi yoxud muxlislar mehrini qanday qozonyapti?

  • 2 iyun, 2022, 16:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligada qanday kurash kechayotganini ko‘rib turibsizlar. Superliga chiptasi uchun jamoalar o‘rtasida juda jiddiy intriga paydo bo‘lgan. Bu esa o‘z-o‘zidan pro liganing darajasini keskin ravishda oshishiga xizmat qilyapti.

Tecno

Musobaqa jadvalida “Turon” peshqadam, “Andijon” esa izma-iz ta’qib etib kelmoqda va o‘rtada atigi bir ochko farq bor, xolos. “Burgutlar” uchun yakuniga etgan may oyi qanday o‘tdi? Rejalashtirilganidek, Viktor Kumikov jamoasi 4 ta o‘yin o‘tkazdi. Jamoaning o‘yinlari va g‘alabalari ancha ko‘zga ko‘rinarli bo‘lib, bu borada barchaning e’tiborini o‘ziga qarata oldi. Ayniqsa, aprel oyi oxirida boshlangan va so‘nggi daqiqalardagi urilgan g‘alaba gollari tufayli “Andijon”ning amalga oshirgan kambeklari aynan may oyida ham davom etdi.

andijon uyin_1

“Burgutlar” o‘tgan oyda ham yutqazishgani yo‘q. To‘rtta uchrashuvda uchta g‘alaba va bir durang qayd etdi. Jumladan, “Bobur Arena”da “Mash’al” (2:1) hamda “Zomin” (2:1) klublari mag‘lub etildi. Safarda “Sho‘rtan” (0:1) ham tiz cho‘ktirildi. Faqat Andijonda “Buxoro”ga qarshi bahsda jamoalar 0:0 hisobida durang o‘ynadilar.

4 ta o‘yinda “Andijon” raqiblar darvozasiga 5 ta gol urdi. Shuningdek, o‘z darvozasidan 2 ta to‘p o‘tkazdi. May oyida Shahboz Erkinov o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘ydi. “Mash’al” hamda “Sho‘rtan” darvozalarini ishg‘ol qildi. Shuningdek, Vladimir Bubanya, Sherzod Esonov hamda Goron Miloyko ham “Andijon”ning g‘alabalariga o‘z gollari bilan hissa qo‘shishdi. Klub hali ham pro ligada hozirga qadar eng oz gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi. 10 ta uchrashuvda 7 ta to‘pni o‘z darvozasidan olib chiqishdi. Boshqalarning bu boradagi ko‘rsatkichi pastroq.

010

Yuqorida aytganimizdek, gollar oxirgi daqiqalarda kiritilgani e’tiborga molik. O‘sha 5 ta golidan 4 tasi ikkinchi bo‘limga to‘g‘ri keladi. 65, 90+3, 90+4 va 74-daqiqalarda raqib darvozalari ishg‘ol etildi. Bu nimadan darak? Jamoa hamon oxirigacha kurashish imkoniyatini ko‘rsatayotgani va jismoniy jihatdan ham etarli kuchga egaligini ko‘rsatmoqda.  

Xo‘sh, may oyida kimda qancha sariq kartochka bo‘ldi? Jamoaning “Mash’al”ga qarshi o‘yinida “toza” o‘ynashgani uchun hakam “Andijon” o‘yinchilariga sariq kartochka ko‘rsatmadi. Lekin G‘uzorda “Sho‘rtan”ga qarshi bahsda “Burgutlar”ning besh nafar a’zosi ogohlantirildi. Jumladan, Ilhom Alijonov, Farhod Sohibjonov, Shahboz Erkinov, Abduvohid G‘ulomov va Goron Miloyko bosh hakam tomonidan jazolandi. “Buxoro”ga qarshi uchrashuvda esa birgina Bubanya “sariq”qa loyiq o‘yin ko‘rsatdi. 10-tur doirasidagi “Zomin”ga qarshi bahsda esa Miloyko ham gol urdi, ham hakamdan ogohlantirish oldi. Umumiy hisobda o‘tgan oyda 6 nafar futbolchi sariq kartochka bilan siylandi. Faqat Goron Miloyko bunday “sharaf”ga ikki marta sazovor bo‘ldi.

Endi tomoshabinlar tashrifiga kelsak, hamma vaqt “Andijon”da muxlislar masalasi alohida mavzuga aylangan. O‘tgan oyda “Bobur Arena”ga tomoshabinlar tashrifi sezilarli darajada oshdi. 7 may kuni “Mash’al” qabul qilingan uchrashuvni stadionda 3125 muxlis kuzatib bordi. 20 may sanasida “Buxoro” mehmon bo‘lgan bahsda 9273 nafar ishqiboz keldi. Bu hozirgacha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi. Lekin 27 mayda “Zomin”ga qarshi o‘tkazilgan bahsda ham tomoshabinlar tashrifi “Buxoro” bilan o‘yinchalik bo‘lmasa-da, harqalay avvalgilariga nisbatan yaxshi darajada bo‘ldi. Chunki 6317 ishqiboz keldi. Qolaversa, safarda “Sho‘rtan” bilan bellashuvni ham G‘uzorda “Andijon” fan-klubi kelib qo‘llab-quvvatladi. Jamoa o‘z o‘yini va natijalari bilan muxlislarining mehrini qozonyapti.

aaaa viktor_1

Kumikov jamoasini yangi boshlangan oyda uchta o‘yin kutyapti. Pro liganing 11-tur doirasida 5 iyun kuni safarda “Yangier” bilan kuch sinashadi. Undan keyin 12-turni 12 iyun kuni “Bobur Arena”da “Xorazm”ga qarshi o‘tkazsa, 24 iyunda Nukusda “Aral Samali” mehmoniga aylanadi. Navbatdagi bahslar yanada qiziqarli o‘tadi. Negaki, ikkinchi davra boshlandi va hal qiluvchi pallaga kirib borishmoqda. Bunday paytda har bir ochkoning qadri baland.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!