
Anchelottiga ishonch yo‘qoldi. Peres "Real"ga yangi murabbiy olib keladi!
"Real" Madrid prezidenti Florentino Peres "Barselona"ga qarshi La Liga 11-tur bahsida uchralgan sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng (0:4) "Bayer"ni boshqarayotgan ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonsoni jamoaga olib kelish jarayonini tezlashtirmoqchi. Bu haqda Sport.es xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, ayni damda Peresning "Real" bosh murabbiyi Karlo Anchelottiga bo‘lgan ishonchi so‘ngan. Italiyalik mutaxassis o‘tgan yozda hujumchi Kilian Mbappe kelganidan keyin "qirollik klubi" prezidentiga jamoa "engilmas bo‘lib qolishiga" kafolat bergandi. Bundan tashqari, Anchelotti ham chap qanot himoyachisi Ferland Mendi bilan shartnomani uzaytirishni talab qildi, garchi "Real" buni rejalashtirmagan bo‘lsa ham. Biroq "Barselona" bilan o‘yindagi mag‘lubiyat vaziyatni butkul o‘zgartirib yubordi.
Alonsoning "Bayer" bilan shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi, biroq u joriy mavsum yakunlangach leverkuzenliklar safini tark etishi mumkin. Peres aynan mana shu vaziyatdan foydalanmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, ayrim nashrlar Alonso "Manchester Siti"da Pep Gvardiolaning o‘rnini egallashi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqatgan edi.
Fikrlar