
Ana xolos: “Barsa” bu ishni uddalay olmasa, Olmoning besh yillik maoshini birdan to‘laydi
“Barselona” o‘tgan yozda Ispaniya terma jamoasi bilan Evropa chempionligini qo‘lga kiritgan Daniel Olmoni transfer qilgan edi.
Ispan futbolchisi uchun kataloniyaliklar Bundesliga vakili “Leyptsig”ga o‘yinchining shartnomasida ko‘rsatilgan badal puli – 48 million evroni to‘lab bergan.
Olmo “Barsa” bilan 2030 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma imzoladi. Biroq “Barselona” moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, 26 yoshli futbolchini La Liganing birinchi qismiga ro‘yxatdan o‘tkazgan xolos.
La Liga rahbariyati kataloniyaliklarga Olmoni mavsumning ikkinchi qismida o‘ynatish imkonini bermayapti. O‘yinchining shartnomasida bunday holatda boshqa klubga erkin agent maqomida o‘tish huquqi ko‘rsatilgan.
Mundo Deportivo ma’lum qilishicha, ushbu bitimga ko‘ra, agar klub o‘yinchini qaydnomadan o‘tkaza olmasa, uni qo‘yib yuborish bilan birga shartnomasida 2030 yilning 30 iyunigacha ko‘rsatilgan maoshni ham to‘liq to‘lab berishi belgilangan.
Ayni paytda La Liga mutasaddilari Olmoni qaydnomadan o‘tkazishni rad etganiga qaramay, “Barselona” bu masala echimini qidirmoqda.
Fikrlar