
Amorim Angliya termasidan yuz o‘girgan futbolchini olmoqchi
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim tarkibni o‘ziga moslashtirish maqsadida yangi ijrochilarni tanlayapti.
Portugaliyalik mutaxassis Dortmundning “Borussiya” klubida o‘ynayotgan universal yarim himoyachi Feliks Nmecha nomzodi ma’qul keldi.
24 yoshli baquvvat yarim himoyachi aslida “Manchester Siti” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq Xosep Gvardiola jamoasidan joy tegmagach, 2021 yili erkin agent sifatida Germaniyaning “Volfsburg” jamoasiga o‘tib ketdi.
Dortmundliklar uning iqtidorini payqab, 2023 yili 30 million evroga transfer qildi.
Angliya va Germaniya fuqaroligiga ega Nmecha xalqaro miqyosdagi faoliyatini Angliyaning o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida boshlagan. Keyinchalik Germaniya U-18 va U-21 terma jamoalarida ham to‘p tepdi.
2023 yilning 28 martidan to‘liq Germaniyani tanladi. Hozirgacha milliy terma jamoa safida uchta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol ham urdi.
Nmecha jismonan baquvvat bo‘lish bilan birga tezligi va texnikasi yuqori darajada rivojlangan. Asosan tayanch zonada o‘ynasa-da, hujumlarga qo‘shilib gol urishni yaxshi ko‘radi va buni uddalaydi ham.
Fikrlar