
Akalari qilolmagan ishni ukalar epladi yohud kichik Toshkent derbisidagi "otishma"
Ko‘pchilik "Evro-2024"ning pley-off bahslarini intiqlik bilan kutayotgan bir pallada o‘zbek futbolida o‘yinning yomoni U-21 chempionati doirasida bo‘lib o‘tdi.
"Paxtakor" va "Bunyodkor" o‘rinbosarlari o‘rtasidagi bahsda oz emas, ko‘p emas naq 7 ta gol kiritildi. Bir kun avval asosiy jamoalar Superligada kuch sinashgan va unda yana Cheranning kiritgan to‘pi yagonaligicha qolgan edi. Bu bellashuv esa haqiqiy dramaga aylanib ketdi. Saidumarhon Saidnurullaev va Nurlan Ibraimovning tezkor gollari evaziga hisobni ancha ishonchli ko‘rinishga keltirib olgan "sherlar" tanaffusgacha ustunlikni saqlab qola olishmadi. Muxammadayub Omonov va Umid Sultonovning javob to‘plari tabloda 2:2 bo‘lishini ta’minladi. Bir qarashda uchrashuv shu hisobda yakunlanadigandek. Ammo asosiy voqealar 83-daqiqaga kelib start oldi. Dastlab, Temur Odilov yana "Paxtakor"ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 90+2 daqiqada Umid Sultonov dublni nishonladi va o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ygandek edi. Biroq uchrashuvning so‘ngi sekundlarida shturm bilan oxirgi xujumni uyushtirgan yosh "sherlar" Temur Odilovning 2-golini kiritish orqali g‘alabani ilib ketishdi.
Mazkur yutuqdan so‘ng "Paxtakor" o‘rinbosarlari U-21 chempionatida 1-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Bugun "OKMK" yoshlari "Qizilqum" ustidan g‘alaba qozonsagina yana jadvalning eng yuqorisiga qaytib olishlari mumkin.
Hullas sizlarga aytadigan bo‘lsak, bu erdagi intriga Superligadan aslo qolishayotgani yo‘q.
Fikrlar