
Agar sen Manchesterga kelmasang, o‘rningga uchta zo‘r to‘purar bor!
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim kelasi mavsum oldidan tarkibiga ko‘p gol ura oladigan markaziy hujumchi qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Manchesterliklarning asosiy nishoni bir necha mavsumdan beri Portugaliya chempionatida to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelatgan Viktor Dyokeresh hisoblanadi. Biroq shved futbolchisiga xaridor ko‘p va uni olish oson bo‘lmaydi.
Shu bois, “Manchester Yunayted” mutasaddilari zaxira varianti sifatida yana uch nafar hujumchi topib qo‘ydi va ulardan ayrimlari bilan muzokaralar boshlandi.
Ruben Amorimga yakunlangan mavsumda “Ayntraxt” uchun 22 ta gol urib, 12 ta assist qayd etgan Ugo Ekitike ham ma’qul kelib turibdi. Frantsiyalik forvardni qo‘lga kiritish uchun “Liverpul” va “Chelsi” bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi.
Keyingi nishon Viktor Osimxen. Nigeriyalik to‘purar da’vogar klublardan o‘ta katta maosh talab qilyapti. 26 yoshli hujumchi yaxshi formada. Mavsumni ijara asosida “Galatasaroy”da o‘tkazib, 41 ta uchrashuvda o‘z hisobiga 37 ta gol yozdirib qo‘ydi.
Daily Mirror nashrining yozishicha, agar bu futbolchilarni qo‘lga kiritish imkoni bo‘lma-sa, “Yunayted” rahbariyati e’tiborni “Kristal Pelas” hujumchisi Jan-Filipp Matetaga qaratadi. 27 yoshli futbolchi Angliya Premer-ligasiga moslashgani katta yutuq sifatida baholanmoqda.
Fikrlar