
Abraxam Shomurodovni “sindirdi”, Mourino esa “Chelsi”dan yana o‘yinchi oladi!
Joze Mourino “Roma”ni qabul qilib olganidan keyin o‘tgan yozda amalga oshirgan transferlari orasida faqatgina Temmi Abraxam va Ruy Patrisiu o‘zini oqladi. Angliyalik yulduz hujumchilar raqobatida Eldor Shomurodovni “sindirdi”.
“Chelsi” tarbiyalanuvchisi avvaliga legionerimizdan asosiy hujumchi maqomini tortib oldi. Ko‘pchilik angliyalik yulduzning asosiy tarkibda muntazam o‘ynayotganini uning qimmat narxga olingani bilan izohladi. Biroq, bora-bora Abraxam nimalarga qodirligini ko‘rsata oldi va “Roma”ning asosiy hujumchisi va to‘purari ekanini isbotlab qo‘ydi.
“Aristokratlar” tarkibiga kira olmay, Tomas Tuxelga kerak bo‘lmay qolgan o‘yinchi o‘z saviyasini ko‘rsatib qo‘yishi uchun “bo‘rilar” safidagi 40 ta o‘yin kifoya qildi xolos. Bu bahslarda raqiblar darvozasini 23 marotaba ishg‘ol qilgan Temmi “Roma”da debyut mavsumida ko‘p gol urish bo‘yicha klub afsonalari Gabriel Batistuta va Vinchentso Motellaning 21 ta aniq zarbadan iborat natijasini yo‘qqa chiqarib, o‘z rekordini o‘rnatdi.
Temmi Abraxam o‘z samaradorligi bilan “Chelsi” rahbarlarining orzusiga aylandi. Ular o‘yinchini qaytarish haqida bosh qotirmoqda. “Manchester Yunayted” ham ko‘p gol uradigan hujumchi sifatida Abraxamni ko‘zlay boshladi.
O‘z navbatida, angliyalik futbolchiga ham qadimiy Rim shahri va poytaxtning faxri bo‘lgan “Roma” jamoasida o‘ynash ancha xush kelmoqda. Bugungi kunda kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynayotgan angliyalik futbolchilar orasida eng zo‘r to‘purar bo‘lib turgan Abraxam A Seriyadagi samaradorligi tufayli Angliya terma jamoasi tarkibiga ham qaytganini alohida ta’kidlash lozim.
Hujumchining o‘zi Rimdagi faoliyatidan mamnun ekanini yashirmayapti.
- “Roma” birinchi marta menga aloqaga chiqqanida bu variant to‘g‘ri kelmaydi, degan qarorga keldim. Biroq, atrofdagilar yuqori maqsadlarini namoyish qilib, sizni qadringiz yuqori ekanini namoyish etgan pallada, ular uchun qo‘lingizdan kelgan barcha narsani amalga oshirishni istab qolasiz. Men “Roma”ga kelishim bilan ushbu jamoaga mehr qo‘ydim, - deydi Temmi Abraxam.
“Roma”ga Abraxam bilan bir paytda kelgan Eldorning omadi yurishmadi. O‘tgan mavsumda ancha kuchsiz jamoada o‘ynab, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan hamyurtimiz bu gal etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Shomurodov ichki raqobatda angliyalik yulduzga imkoniyatni boy bergani rost. Joze Mourino legionerimizni jamoasi katta farq bilan g‘alaba qozonayotgan o‘yinlarda ham maydonga tushirmay qo‘ydi.
Balki hamyurtimiz boshqa variantlarni ko‘rib chiqishi ma’qulroqdir. Chunki portugaliyalik mutaxassis faoliyati davomida Iker Kasilyas, Maruan Fellaini, Bastian Shvaynshtayger, Kevin de Bryuyne, Muhammad Saloh, Romelu Lukaku va yana bir necha salohiyatli o‘yinchilarning iqtidorini ko‘ra olmagan. O‘z vaqtida Mourino qo‘l ostidan ketgan bu o‘yinchilar jahon futbolida qanday marralarni zabt etganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Ayni paytda Joze Mourino “Chelsi”da “non” topa olmayotgan yana bir o‘yinchini Rimga olib kelmoqchi.
Goal nashrining xabar berishicha, portugaliyalik murabbiy e’tiboriga “aristokratlar”yarim himoyachi Sharli Musonda tushgan.
25 yoshli futbolchi anchadan beri o‘yin amaliyotisiz qolib kelmoqda. Tabiiyki, londonliklar bu o‘yinchi bilan mavsum oxirida yakunlanadigan shartnomani uzaytirmaydi. “Roma” belgiyalik yarim himoyachini yozda erkin agent sifatida bepul qo‘lga kiritmoqchi.
Musonda joriy mavsumda “Chelsi”ning ikkinchi jamoasida atigi bir juft o‘yinda ko‘rinish berdi xolom. Balki, Mourino uni ham yulduz darajasiga ko‘tarib yuborishni rejalashtirayotgandir. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar