
Vidal “Barselona”da kam o‘ynayotganidan norozi
“Barselona” jamoasi yarim himoyachisi Arturo Vidal klubdagi holatidan norozi ekanini bildirdi. “Tottenxem”ga qarshi (4:2) EChL bahsida chililik futbolchi 86-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi va keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda jahldor smayllar ishlatdi.
“Men baxtliman deya olmayman, ammo murabbiy bilan qandaydir muammo bo‘lsa, buni uning yuzaga aytaman. Hozirgi holatdan noroziman, axir qanday xursand bo‘lay, maydonga tushmayapman-ku! Men dunyodagi eng zo‘r klublarda to‘p surdim, ko‘plab sovrinlarga ega chiqdim va “Barselona” bilan ham shularga erishmoqchiman.
Men ham jismonan, ham ruhan tayyorman. So‘nggi uchrashuvlarda g‘azablandim, ammo vaziyat shuni taqazo qilmoqda. Kurashishda davom etamiz, oldinda muhim bellashuvlar ko‘p. Agar jahldor bo‘lsam va menga bir nima yoqmasa, to‘g‘ri murabbiy oldiga boraman”, – dedi Vidal.
Fikrlar