
Murodbek Choriev: Men Fyodor Emelyanenkoning shogirdi emasman
Murodbek Choriev dastlab sportning kurash turlari bilan shug‘ullanib kelgan. AQShda faoliyatini davom ettirayotgan sportchimiz Erkin kurash va yunon-rum kurashi bo‘yicha bir qancha xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori hisoblanadi. Yaqinda u aralash yakkakurash jang san’atlari (MMA)da debyut jangini o‘tkazib, g‘alaba qozongan edi.
Biz Murodbek bilan aloqaga chiqib, faoliyati va kelajakdagi rejalari haqida suhbat tashkil qildik. Quyida ushbu suhbatni e’tiboringizga xavola etamiz.
– Murodbek sizga quyoshli O‘zbekistondan salomlar...
– Barcha-barcha vatandoshlarimga assalomu alaykum deb qolaman. Juda sog‘indim O‘zbekistonni.
– Muvaqqiyatingizdan xabar topgan ko‘plab o‘zbekistonlik muxlislar siz haqingzda bilishni istamoqda xohlashmoqda. Bunaqa bo‘lishini kutganmidingiz?
– Ochig‘i kutmagan edim. Yutubda yozilgan fikrlarni o‘qib boshim osmonga etdi. Xayrixoh bo‘lgan barcha yurtdoshlarimga rahmat aytib qolaman. Bu menga yanada kuch-quvvat bag‘ishladi. O‘ylaymanki, bu erda millatimiz, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilaman.
– AQShda necha yildan beri faoliyat olib borasiz? Umuman qanday borib qolgansiz?
– Bu erga oilam bilan 8 yoshimda kelganman. Shundan beri, shu erda istiqomat qilamiz. Vatanimizni mana 12 yildirki ko‘rganim yo‘q!
– Faoliyatingiz haqida kengroq ma’lumot bersangiz... Ba’zi OAV sizni Fyodor Emelyanenkoning shogirdi deb yozibdi. Bu to‘g‘rimi?
– Bilasizmi, ba’zi OAV meni MMAda 7 jang o‘tkazgan deb yozibdi. Aslida esa men debyut qildim. Undan avvalgi janglarim yakkakurashni boshqa turlaridan edi. Keyin Youtube’da Fyodor Emelyanenkoning shogirdi sarlavhasi ostida berilibdi. To‘g‘ri, bu sizning xatoingiz emas. Shunday bo‘lsada, aytib o‘tishni lozim topdim. To‘g‘ri Fyodor Emelyanenko bilan uchrashganman, yaxshi fikrlar bildirgan, ammo uning shogirdi emasman. “Qora bo‘ri” ham emasman. Mening Murodbek qatori, tug‘ilganimdayoq peshonamga bitilgan ismim bor. Hamma “Alpomish” deb ataydi. Buning o‘ziga yarasha tarixi bor.
– Birinchidan, o‘z o‘rnida aytib qo‘yay, men o‘zbekman. Qo‘shni qardosh xalqlarimizga hurmatimni saqlagan xolda aytishim mumkinki, ayrim internet nashrlarida meni qirg‘iz, qozoq, mo‘g‘ul ham deyishdi. Aslida, xuddi Alpomish kabi “Qo‘ng‘irot” urug‘idanman.
– Ikkinchidan, tug‘ilganimda bobom ismimni shunday qo‘yilishini istagan. Murodbek deb qo‘yilgani bilan doim “Alpomish” deb atab kelishgan. Ochig‘i, xuddi Fyodor Emelyanenko orqali o‘zimni tanitib olishni istagandek bo‘lib qoldim. Aslida, mehnatim orqali xalqni e’tiborini qozonmoqchiman. Shunchaki, xaqiqiy Alpomish ekanligimni isbotlamoqchiman xolos. Qolaversa, hali o‘zimni ustimda juda ko‘p ishlashim kerak. Endigina MMAda debyut qildim. Nufuzli promoushenlar bilan shartnoma tuzay, ko‘plab janglar o‘tkazishim kerak, lekin o‘zimga ishonaman va nasib qilsa MMA olamida o‘z so‘zimni ayta olaman.
– Unda bolalik xotiralari ham yoddan ko‘tarilgan bo‘lsa kerak?
– Yo‘q aslo, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tavallud topganman. Shahrisabzni juda yaxshi eslayman. Toshkentni bilaman, chunki u erda ham ma’lum bir vaqt yashaganmiz. Ayniqsa, Shahrisabzdagi “Oqsaroy” hamon yodimda. Umuman barchasini yodimda.
– Milliy taomlarimiznichi?
– Ularni unutib bo‘ladimi. Bu erda ham uyda doimo milliy taomlarimizni iste’mol qilamiz, lekin bolalikdagi o‘zimizning yurtni havosi, suvidan to‘yingan taomlarni mazasini hozirga qadar eslayman. Ayniqsa, “Tandir kabob”, “Palov”, “Manti” to‘g‘risi, ishtaham ochilib ketdi.
– Janglaringizni ko‘rib, kuchli tomoningiz “parter” emasligiga ishonch hosil qilgandekmiz. Boshqalardan ustunligingiz nimada deb o‘ylaysiz?
– Bilasizmi, aslida eng kuchli tomonim “parter” hisoblanadi, chunki asosan erkin kurash va yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanganman. Bilaman, bunday fikrga kelishingizga janglarimda asosan oyoq va qo‘l zarbalarim evaziga g‘alaba qozonganim sabab bo‘lgan.
– Murabbiyingiz haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz?
– Stiven Mann hamda Jessi Finney qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boraman. MMA yo‘nalishida Jessi Finney ustozlik qiladi. Juda tajribali murabbiylar. Bir qancha jahon chempionlarini tarbiya qilgan.
– O‘zbekistonga yaqin orada kelish niyatingiz bormi?
– Albatta, shu yil borishni rejalashtirganman.
– MMA borasidagi jangni qaysi yo‘nalishda o‘tkazdingiz?
– Bu erda MMAga juda qiziqish kuchli. Kichik tashkilotlar juda ko‘p. Garchi kichik bo‘lsada, dunyoni turli burchaklaridan jangchilar keladi. Ushbu kichik-kichik yo‘nalishlar, “Bellator”,“UFC”ga tramplin vazifasini o‘tab beradi. O‘zim bilan birga shug‘ullangan juda ko‘pchilik hozirda “Bellator”da faoliyat yuritishmoqda. Men “SHAMROCK” yo‘nalishidagi janglarda ishtirok etaman. Bu yo‘nalishning bu erda reytingi ancha yuqori sanaladi. Yoshim 20da. Yana ikki-uch yil tajriba to‘plab nufuzli yo‘nalishlarga o‘tishni maqsad qilganman.
– Keyingi jangingiz borasida nima deya olasiz?
– Bu borada ishlar olib borilmoqda. Hozircha aniq emas.
– MMAdagi debyut jangingizda g‘alaba qozondingiz. Umuman raqibingizning imkoniyatini qanday baholaysiz?
– To‘g‘risi, hozir u haqida ijobiy fikrlarni bildirsam, o‘zimni ham maqtagandek bo‘lib qolaman. Shunchaki bitta fikrni ayta olaman. U mazkur yo‘nalishdagi eng tajribali jangchilardan biri edi.
– Jangga Hosila Rahimova qo‘shig‘i ostida chiqib keldingiz. Doimo ringga mazkur xonanda ijrosidagi qo‘shiqlar orqali chiqarmidingiz?
– To‘g‘risi, Hosila Rahimovaning ijodi menga juda yoqadi. Endi doimo deb ayta olmayman, lekin o‘zbek musiqasi orqali chiqib kelaman. Yurtimiz, millatimizning urf-odatlarini tarannum etuvchi ashulalar tashrif qog‘ozim bo‘ladi.
– AQShda bir qator hamyurtlarimiz professional boks, MMA yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Ularning janglarini kuzatib borayapsizmi?
– Barchasining janglarini kuzatib boraman. Faxrlanaman, do‘stlarimga tavsiya qilaman. Hozirda, atrofimdagi barcha do‘stlarim bu erdagi o‘zbek sportchilarining faoliyatiga befarq emaslar. Mahmud Muradovning “Bellator” bilan shartnoma tuzishi bu juda katta voqeylik. Bu darajaga chiqish oson emas. Bokschilarimiz Shohjahon Ergashev, Fazliddin G‘oyibnazarov janglarini qoldirmayman. O‘tgan hafta g‘alaba qozongan Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadalievning jangini ko‘rdim. Juda kuchli sportchilar. Ularga har doim omad yor bo‘lishini tilab qolaman. Albatta, barchasi bilan tanishib, yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yaman. Ulardan o‘rganadigan narsalarim ko‘p hali!
– Sizga muxlis bo‘lib ulgurgan hamyurtlaringizga tilaklaringiz?
– Barchasiga sog‘lik tilayman. Oilaviy hotirjamlik, baxt va omad yor bo‘lsin. Faoliyatimni kuzatib boring, albatta ishonchinglarni oqlayman!
Muxammad Ziyo suhbatlashdi
Fikrlar