
Fozil Musaev yaponiyalik jurnalistlarga yapon tilida intervyu berdi yoxud terma jamoamizning o‘yiniga qiziqish katta
Milliy terma jamoamiz ertaga guruhdagi oxirgi o‘yinini Yaponiyaga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bellashuv esa Al Ayn shahridagi “Xalifa bin Zayd” stadionida bo‘lib o‘tadi. Biz kecha ham ushbu stadionga kelib terma jamoamizning mashg‘ulotini kuzatgan edik. Biz borgan paytda “Xalifa bin Zayd” stadionida Suriya hamda Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi muhim bellashuv boshlanish arafasida edi. U erda “Al Ayn” jamoasiga qarashli bir nechta mashg‘ulot maydonlari bor va ahamiyatlisi, barcha maydonlarning sifati yuqori darajada. Futbolchilarimiz “Xalifa bin Zayd” stadionining 3-mashg‘ulot maydonida shug‘ullanishdi. Bugun esa ikkala jamoaning bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Aytish mumkinki, “Xalifa Bin Zayd” stadionining media markazida ish juda qizg‘in. Ayniqsa, yaponiyalik va o‘zbekistonlik jurnalistlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Har doim yaponiyalik hamkasblar xalqaro musobaqalarda katta brigada bilan qatnashishlariga o‘rganib qolganmiz va Osiyo Kubogida ham ko‘plab yaponiyalik OAV xodimlariga ko‘zimiz tushmoqda. Shu bois bu safargi matbuot anjumani OAV xodimlari bilan gavjum bo‘lmoqda. Shubhasiz, yaponiyalik yuzlab jurnalistlarning ishtirok etayotganini inobatga olsak, albatta bu borada ular etakchilar hisoblanishadi.
Yaponiyalik hamkasblarimiz O‘zbekiston terma jamoasiga katta e’tibor qaratishmoqda. Ular bungacha o‘tkazgan o‘yinlarimiz hamda futbolchilarimizning imkoniyatlari haqida ma’lumotlar to‘plashmoqda. Chunki bu o‘yin guruhda birinchi o‘rin egasini aniqlab beradi. Shuning uchun bellashuvga bo‘lgan qiziqish juda katta. Qolaversa, milliy terma jamoamiz safida Yaponiyaning “Jey” ligasi klubi – “Jubilo Ivata” jamoasida to‘p surayotgan hamyurtimiz Fozil Musaev ham bor. Tabiiyki, yaponiyalik jurnalistlar bu masalaga ham ktata e’tibor qaratishmoqda. Masalan, kuni kecha Al Aynda terma jamoamiz istiqomat qilayotgan mehmonxonaga yaponiyalik jurnalistlar kelib, Fozil Musaevdan intervyu olishgan va e’tiborlisi Fozil yapon tilida gaplashgan.
Xullas, “Xalifa bin Zayd” stadionida matbuot anjumani qiziqarli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Doimgidek, Ektor Kuper savollarga samimiy va qat’iy ishonch bilan javob qaytardi. Matbuot anjumani yakunlangach, terma jamoamizning mashg‘uloti boshlandi. Aytish kerakki, Kuper matbuo anjumanini yakunlab stadion tomon kirib ketayotgan mahalda Yaponiya terma jamoasi mashg‘ulotlarini yakunlab avtobusga chiqishayotgandi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, terma jamoamizning mashg‘uloti boshlandi. Kutilganidek, yaponiyalik ko‘plab hamkasblarimiz jamoamizning mashg‘ulotini katta qiziqish bilan kuzatib borishdi. Futbolchilarimiz esa mashg‘ulotlarni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishdi. Ishonamizki, Yaponiya bilan bo‘ladigan o‘yinda Ektor Kuper tomonidan syurpriz ko‘ramiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar