
“Darvozabonlar Messi”si “Liverpul”ga nima bera oladi?
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, “Liverpul” “Roma” posboni Alisson bilan yakuniy kelishuvga erishgan va bu rasman tasdiqlandi. Xo‘sh, “darvozabonlar Messi”si deya e’tirof etilayotgan braziliyalik posbon “qizillar”ga qanday nafi tegishi mumkin. Quyida shu haqida muhokama yuritamiz.
Alisson Beker hech qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. “Roma”ga qo‘shilganidan keyin A Seriyaga qanday moslashgani va boshqa narsalar haqida u taklif qilingan shouda javob berishga majbur bo‘ldi. Eng qiziq savol u klubdagi faoliyati davomida italyancha so‘kinishlardan qaysilarini o‘rgangani bo‘ldi. Posbon bu savolga mujmal javob qaytardi. Gap uning buni bilish-bilmasligida ham emas. U qisqa muddat ichida “Roma”ning asosiy posboniga aylangani, Italiya futboli xavosiga ko‘nikkani edi.
2016-yilda bolalikdan to‘p suradigan “Internasonal”dan “Roma”ga ko‘chib o‘tgach, Luchano Spaletti qo‘li ostida Voytsex Shesnini asosiy tarkibdan siqib chiqarganidir.
Buni ko‘plab darvozabonlar istashi aniq. Alisson hozirda o‘zining yorqin o‘yinlarini namoyish qilayotgani ham bor gap.
“Boshida o‘zimni biroz yolg‘iz his qildim. Keyin men ko‘p vaqtimni rafiqam bilan o‘tkazdim. U o‘shanda homilador edi va faoliyatimga kamroq e’tibor qaratadigan bo‘ldim” – deya tushuntiradi Alisson.
“Keyin men mashg‘ulotlarda qattiq ishlay boshladim va buyuk posbonlardan biri Shesni yonida mashq qilib undan ko‘p narsalarni o‘rgandim.”
Mundial o‘yinlarida asosiy posbon bo‘lgan Alisson haqida ko‘plab tanqidlar bo‘ldi. Ko‘pchilik muxlislar “Manchester Siti”da yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan Ederson “pentakampeonlar”ning birinchi raqamli posboni bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari surdi.
Biroq Alissonning terma jamoadagi ko‘rsatkichlari xavas qilsa arzigulik. Yangi murabbiy Tite boshchiligida u Jahon Chempionatining saralash bosqichida 11 uchrashuvda atigi uch gol o‘tkazib yubordi. Biroq uning “Olimpiko”dagi vaziyati vaqti-vaqti bilan qiyinchiliklarga uchrab turdi. Alisson faqatgina sabr qildi.
“Men murabbiyning qarori tufayli ko‘p o‘ynay olmadim, ammo men xotirjamman, ko‘p gapirishni yoqtirmayman. Murabbiy unga (tahr.: Shesniga) yon bosganidan noqulaylik his qilmadim. Spaletti o‘z safida yuqori saviyali ikki darvozabonga ega bo‘lishni istadi va bu menga Mundial o‘yinlarida juda asqotdi.”
“U meritokratiyani tanladi, Shesni ham dastlabki mavsumida barchasini a’lo darajada bajardi. Men esa aytaylik ozgina sabrli bo‘lishni o‘rgandim.”
Shunga qaramay, Alisson Jahon Chempionati yaqinlashgani sari, “Manchester Siti” posboniga munosib raqobatchilik qilishi uchun ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerakligini tushunib etdi. Natijada u klubdan ketish haqida o‘ylay boshladi, yakunda Shesni o‘tgan mavsumda “Yuventus”ga berib yuborildi.
“Men ketishni istamadim, biroq o‘zim va maqsadlarim tufayli shu fikrga kelgandim” – deya o‘zini oqlaydi braziliyalik posbon. “Jahon Chempionati bo‘lib o‘tadigan yilda Braziliyada hech kimning o‘rni kafolatlanmagan.”
Edersonning “tumanli Albion”da ko‘rsatgan afsunlariga qaramay, Alissonning Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialda asosiy tarkibdagi o‘rni boy berilmadi. U o‘tgan mavsumda Italiyaning eng yaxshi darvozaboni bo‘lmadi, u shunchaki dunyoning eng yaxshi darvozaboni bo‘ldi.
25 yoshli bunday darvozabonni qo‘lga kiritish “Liverpul”ga mavsumni kamida Top-4 da tugatishi 100 % kafolatlangan. Uning transferi “qizillar” uchun haqiqiy kuchayish desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Uning narxi rekord darajada bo‘lishi mumkin, biroq Negrisolo bundan hayron qolmasligini aytdi: “Ko‘pchilik Alisson aslida kim ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. U birinchilarning eng birinchisidir. U “darvozabonlarning Messi”si. Chunki unda Messidek ruxiyat bor. U davrni aniqlab bera oladigan darvozabon.”
Agarda u buni “Enfild”da ko‘rsata olmasa, Yurgenn Klopp nemischa so‘kinishlari bilan stadionni larzaga solishi ham kafolatlangan.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar