Benzemadan Kashshaygacha: Chempionlar Ligasi so‘nggi turi g‘olib va mag‘lublari

  • 9 noyabr, 2018, 16:09
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionlar Ligasining so‘nggi turida bir qator kutilgan va kutilmagan natijalar sodir bo‘ldi. «Valensiya» «Yang Boys»ni musobaqadan chiqarib yuborgan bo‘lsa, «Roma» «TsSKA»ni safarda mag‘lub etib pley-offga chiqish imkoniyatlarini saqlab qoldi.

Tecno

«Manchester Siti» «Shaxtyor»ni taslim qilgan bo‘lsa, «Real» safarda «Viktoriya Plzen»ni «ayab o‘tirmadi».

«Manchester Yunayted» esa «Yuventus»ni uchrashuv yakunlanishiga besh daqiqa qolganida mag‘lub etdi.

Chempionlar Ligasi guruh bosqichining yarmidan ko‘p ortda qolgan kechaning asosiy g‘olib va mag‘lublari kim?

G‘olib: Santi Mina

22 yoshli futbolchi «Mestalya»da borgan sari Marselinoning asosiy tarkibidagi o‘rnini mustahkamlab bormoqda. U «Yang Boys»ga qarshi o‘yinda ham jamoasining muhim bo‘lagiga aylandi. U hozirgacha klub uchun to‘rt gol urishga erishdi. Bu Kevin Gameyro, Rodrigo Moreno va Mishi Batshuayilarning gollarini qo‘shib hisoblaganda ham ko‘p. Ammo u yuqorida tilga olingan uch hujumchidan ham kam o‘yin amaliyotiga ega. U La Ligada 287, EChLda esa 20 daqiqa o‘yin o‘tkazgan.

Mina gol urish qobiliyatini borgan sari oshirib bormoqda. U o‘tgan mavsumda o‘zining eng samarali mavsumini o‘tkazgandi. Biroq yozda jamoaga Batshuayining kelib qo‘shilishi uning imkoniyatlarini yangi mavsumda pasaytirib yuborgandi. «Selta»ning sobiq etakchisi «Los Che» safida so‘nggi uch o‘yinda maydonga tushgan. Ko‘rinib turibdiki murabbiy unga qayta imkon bermoqda.

Mag‘lub: Magnusson

«TsSKA»ning o‘tgan oyda kimsan «Real»ni mag‘lub etgani tufayli bu turda ham qahramonlik ko‘rsatishi mumkinligini aytadiganlar ko‘plab topildi. Ular bunga qodirdek edi. Biroq Magnussonning qizil olib chiqib ketishi barcha umidlarni so‘ndirdi.

Islandiya termasi vakili va «Bristol»ning sobiq himoyachisi ikki sariq kartocha olib maydonni erta tark etdi va «Lujniki»ga yig‘ilganlar yana bir jasorat ko‘rsatilishini guvohi bo‘lishmadi.

«Roma» Kostas Manolasning o‘yin avvalida boshi bilan urgan golidan keyin hisobda oldinga chiqib oldi.

Viktor Goncharenko shogirdlari hisobni tenglashtirishga erishganlariga qaramay Chakir Magnussonning ishlatgan qo‘polligini munosib jazoladi.

G‘olib: David Silva

Silva hozirga kelib Chempionlar Ligasida uchta gol urib oldi. Bunday statistika ispaniyalik yarim himoyachining eng samarali mavsumiga aylandi. Guruh bosqichining yana ikki o‘yini borligini inobatga oladigan bo‘lsak Silva o‘z ko‘rsatkichini yanada yaxshilab olishi mumkin.

Undan avval Gvardiola o‘z shogirdini maqtab o‘tgandi. Yarim himoyachi esa bunga labbay deb javob qaytardi. «Konchilar»ga qarshi o‘yinning dastlabki goliga aynan Silva mualliflik qildi. O‘ng qanotdan yorib kirgan Riyod Mahrezning uzatmasini «Valensiya» sobiq vakili ajoyib tarzda darvozaga yo‘llab qo‘ydi.

Yaqin ikki oy ichida 33 yoshga kiradigan futbolchining bunday yuqori sport formasida ekanligi va Gvardiolaning rejalarida asosiy figura ekanligi albatta tahsinga sazovor. Kataloniyalik strategning falsafasini Silvachalik tushunadigani jamoada yo‘q.

Mag‘lub: ukrain klublari

Ukrain klublarining Angliya yashil maydonlaridagi statistikasi juda qo‘rqinchli. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda ukrain jamoalari 29 marta ingliz klublariga qarshi o‘ynagan. 23 mag‘lubiyat va 6 durang! So‘nggi marta mag‘lubiyatdan qutulib qolgan klub 2016-yilda «Etihad Stedium»da «Dinamo Kiev» bo‘lgandi.

«Shaxtyor» Premer Liga chempionlarini o‘z uyida o‘tgan mavsumda «er tishlatgandi». O‘shanda ular Gvardiola jamoasini 2-0 hisobida mag‘lub etgandi.

G‘olib: Karim Benzema

Benzema barcha musobaqalarda «Real» safidagi 200-golini kiritishga erishdi. «Viktoriya Plzen»ga qarshi o‘yinning 21-daqiqasida bu tarixiy voqea sodir bo‘ldi. 201-golini esa o‘shandan 16 daqiqa o‘tib kiritdi.

Bunday natija bilan frantsiyalik hujumchi klub tarixida ushbu dovondan oshgan ettinchi futbolchiga aylandi.

Borgan sari to‘purarlik mahorati ochilib borayotgan hujumchiga Krishtianu Ronalduning ketgani ancha ijobiy ta’sir qilmoqda. Uning o‘zi ham aslida markaziy hujumchi ekanligini tushunib eta boshlagan bo‘lsa ajabmas.

Mag‘lub: Viktor Kashshay

«Manchester Siti» yordamga muhtoj paytda, Viktor Kashshay «labbay» deb javob qaytardi. Rahim Sterling o‘z oyog‘iga chalkashib yiqilganini ko‘rmay qolgan referi «Shaxtyor» darvozasi tomon penalti belgiladi.

Vengriyalik hakamning qarorini «Etihad Stedium»ga yig‘ilganlar ham tushunmay qoldi.

Pep Gvardiola shogirdlari shundog‘am qiyinchiliksiz yutadigan bir paytda Kashshay «qo‘l qovushtirib o‘tirish»ni istamadi va naq ikkita penaltini «shaharliklar» foydasiga ishlab berdi. Albatta bunday tushunmovchilikni VARning EChLda ham joriy qilinishi kamaytiradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!