
Bekzod Abdurahmonov Tbilisi Gran-prisining kumush medalini qo‘lga kiritdi
Gruziya poytaxtida sport kurashlari bo‘yicha navbatdagi Gran-pri musobaqasi o‘z yakuniga etdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuvning so‘nggi kun dasturida terma jamoamizdan faqatgina erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov shohsupaga ko‘tarila oldi.
O‘zining sevimli 74 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Abdurahmonov finalgacha barcha raqiblaridan ustun keldi. Hal qiluvchi bahsda turkiyalik Yakov Gorga qarshi bahsni ham muvaffaqiyatli boshlab, 4:1 hisobida oldinga chiqib olgandi. Biroq kutilmaganda hamyurtimizning oyog‘ida jarohat qo‘zg‘ab qolgani uchun bellashuvning qolgan qismini davom ettirmadi va g‘alaba turkiyalik polvonga o‘tib ketdi.
Shu tariqa delegatsiyamiz ushbu musobaqada 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Yurtdoshlarimiz ertaga Toshkentga qaytib kelishadi.
Fikrlar