
Andijon va Qo‘qonda yangi yil tadbirlari
2018 yil ham o‘rnini 2019 yilga bo‘shatib berib arafasida. Yangi yil bayrami yaqinlashib kelayotgani sari hammaning kayfiyati ham shunga mos ravishda bayramona tusga kirib bormoqda. Shu bilan birgalikda yil yakunlari bo‘yicha bayram tadbirlari o‘tkazilishi ham odat tusiga kirgan. Andijonda ham yangi yil bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar keng ravishda o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, 2018 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra «Andijon» klubi pro-liganing «A» guruhida hamma raqiblarini ortda qoldirib 1-o‘rinni egallagan holda Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shu ma’noda aytganda, joriy yakuniga etib borayotgan yil Andijon futboli uchun ham yorqin ko‘rinishda bo‘ldi va esda qolarli shirin xotiralarga boy bo‘ldi.
Nihoyat, «Andijon» yana oldingidek raqobatbardosh jamoaga sifatida oldinga jiddiy qadamlar tashlashni boshladi. Ikki yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor Superligaga qaytgani tufayli andijonliklar ko‘tarinki kayfiyatda va bundan ruhlangan jamoa a’zolari allaqachon yangi mavsum uchun katta rejalarni ishlab chiqishgan. Bunisi endi boshqa masala. Mavzudan uzoqlashmagan holda shuni aytishimiz mumkinki, 28 dekabr kuni «Andijon» futbol klubining Superligaga yo‘l olgani munosabati bilan yangi yil bayrami uchun o‘ziga xos tarzda tantanali ravishda tadbir bo‘lib o‘tdi. Shahardagi «Andijon» tantanalar saroyida tashkil etilgan marosim ancha sifatli va tashkiliy jihatdan ham yuqori darajada o‘tkazilganligini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘lardi. Odatda yangi yil bayrami arafasida aksariyat klublarning mana shunday tadbirlarni o‘tkazishi ana’naga aylangan. Lekin «Andijon» jamoasining bunday paytda bayram tadbirini oxirgi marta qachon o‘tkazganini ochig‘i eslay olmaymiz. Chunki bunga biror bir jiddiy sabab ham topilmasdi. Boisi, klub quyi ligaga tushib ketgan bo‘lardi yoki kuchlilar orasida o‘z o‘rnini zo‘rg‘a saqlab qolgan bo‘lardi. Bu safar esa hammasi boshqacha ko‘rinish oldi. Nihoyat, ikki yillik tanaffusdan keyin andijonliklar yana kuchlilar orasiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Shu bois jamoa a’zolarining yangi yil bayrami uchun o‘yin-kulgu o‘tkazishlariga mutlaqo haqli edilar. Shu ma’noda aytganda, «Andijon» jamoasining tashkil etgan bayram ziyofati juda ajoyib va hammaga manzur bo‘ladigan darajada o‘tdi. Aytish kerakki, «Andijon» tantanalar saroyiga viloyat futbolining barcha faollari jam bo‘lishdi. Kuy va qo‘shiqlar, raqslar, xazil-mutoyibaga boy bo‘lgan tadbir barcha yig‘ilganlarga o‘zgacha kayfiyat ulashgani ham rost. Yaqinda klubda ish boshlagan taniqli mutaxassis Viktor Jalilov ham «Andijon»ning ushbu tadbirida ishtirok etganini ta’kidlash joiz.
Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur marosimda “Andijon” jamoasining 2018 yildagi eng yaxshilari ham aniqlandi. Unga ko‘ra eng yaxshi darvozabon Nikita Ribkin, eng yaxshi himoyachi Ildar Mamatkazin, eng yaxshi yarim himoyachi Sunnat Ermatov, eng yaxshi hujumchi Davron Isoqov, eng yaxshi yosh futbolchi Doniyor Abdumannopov, eng chiroyli gol muallifi esa Nodir Mavlonovga nasib etdi. Shu bilan birga eng yaxshi ayol futbolchisi Oygul Yoqubova hamda eng yaxshi bolalar murabbiyi deb Shakir Galimov e’tirof etildi.
29 dekabr kuni esa Qo‘qondagi “Bahor-2” tantanalar saroyida “Qo‘qon-1912” jamoasining ham yangi yil bayram tadbiri uyushtirildi. Qo‘qonliklar uchun yakuniga etgan mavsum ikki xil taassurot qoldirdi. Chempionat davomida yorqin g‘alabalar ham, alamli mag‘lubiyatlar ham bo‘ldi. No‘’mon Hasanov boshchiligidagi jamoa kuchli oltilikka kirish uchun oxirigacha kurashdi, ammo ozgina omad etishmagani tufayli quyi oltilikda kurash olib borishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, No‘’mon Hasanov o‘z jamoasini xotirjam ravishda Superligada saqlab qoldi. Umuman olganda, qo‘qonliklarning ishtiroki yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Ta’kidlash joizki, jamoaning yangi yil bayrami juda samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. U erda ham Qo‘qon futbolining faollari, jamoa a’zolari, rahbariyat, faxriylar, OAV vakillari ishtirok etdilar. Aytish mumkinki, yangi mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasi yanada katta maqsadlar uchun kurashishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuhratbek Jo‘raev
Fikrlar