
6 karra jahon chempioni nega O‘zbekistondan ketgandi yoxu u afsusdami?
2000 yillarning boshlarida o‘zbekistonlik Farid Usmonov jahon armrestlingida nom qozongandi. U O‘zbekiston sharafini bir necha yillar himoya qilib ajoyib natijalar qayd etgan. Keyinchalik u Turkiyaga ko‘chib ketdi va u erda Ferit Usmonli nomi bilan shuhrat qozondi. Umumiy olib qaraganda u O‘zbekiston va Turkiya sharafini himoya qilgan holda juda ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Biz u bilan bog‘lanib, bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- Assalomu alaykum. Sizga O‘zbekistondan salomlar!
- Vo alaykum assalom. Assalomu alaykum. Salomat bo‘ling!
- Biz sizni Farid Usmonov sifatida taniganmiz va O‘zbekiston sharafini himoya qilardingiz?
- Ha, albatta. O‘zbeksitonda tavallud topganman. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, Sirdaryo viloyati, Mizrobod tumani “Oq-oltin” jamoa xo‘jaligida tug‘ilib voyaga etganman. Ha, uzoq vaqtlar O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildim deb o‘ylayman.
- Turkiyaga ko‘chib ketishingiz nima bilan bog‘liq bo‘lgan?
- 2007 yil jahon chempionatida oxirgi marta O‘zbekiston nomidan chiqib, jahon chempioni bo‘ldim. 2008 yildan Turkiyaga oilaviy doimiy istiqomat qilish uchun ko‘chib ketdik. Sababi, qarindosh-urug‘larning ko‘pchiligi turklar, o‘zimiz ham turkmiz va aksariyati Turkiyada yashardi. Shuning uchun biz ham shu zaminga yo‘l olganmiz.
- O‘zbekiston terma jamoasi safida Xalqaro turnirlardagi natijalaringiz qanday bo‘lgan?
- Men O‘zbekiston miqiyosidagi turnirda ilk bor 1998 yil qatnashganman. Institutda bo‘lgandi ushbu musobaqa. 2001-2002 yillarda Osiyo chempionatlarida ishtirok etishni boshladim. 2003 yil jahon chempionatida 2-o‘rinni olganman. Umuman olganda O‘zbekiston nomidan chiqib, 3 karra jahon chempioni bo‘ldim. Osiyoni aniq eslolmayman 7 yoki 8 marotaba yutdim. Ko‘p marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Qolaversa, AQShda xalqaro turnirlarda g‘alaba qozondim. 2006 yil Polshada professionallar o‘rtasidagi Jahon Kubogida ishtirok etdim va g‘alaba qozondim. 2007 yilgi jahon chempionati Bolgariyada bo‘lgandi. +110 kgda mutlaq chempionlik uchun asosiy raqibim Andrey Pushkar bilan kuch sinashganman va g‘alaba qozonganman. Umuman olganda O‘zbekiston uchun ham qo‘ldan kelgancha harakat qilganman.
- Turkiyada qanday natijalar qayd etdingiz?
- Yaqingacha Turkiya musobaqalarida birinchi bo‘lib yurgandim. 3 marotaba Evropa chempioni bo‘ldim. 2013 yil o‘ng va chap qo‘llarda ham jahon chempioni bo‘ldim.
- Hozir ham sportchilik faoliyatingizga davom ettiryapsizmi?
- Yo‘q. Hozir tijoriy turnirlarda xobbi sifatida ishtirok etmoqdaman. Terma jamoadagi faoliyatimni yakunladim. Turizm sohasida ham faoliyat yurityapman.
- O‘zbekiston chempionatida ishtirok etgan vaqtingiz, asosiy raqobatchingiz kim bo‘lgandi?
- O‘zbekistonda asosan o‘zimning yaqin do‘stim, AlFA Sport kompaniyasining asoschisi Konstantin Grjando bilan og‘ir vaznda finalga chiqardik. U juda ham kuchli sportchi bo‘lgan.
- Turkiya sharafini himoya qilayotgan vaqtingiz o‘zbekistonlik sportchiga qarshi ro‘baro‘ keldingizmi? Kelgan bo‘lsangiz natija qanday bo‘lgan?
- Yo‘q. O‘zbekistonlik raqiblar bilan duch kelmadim. Ochiq gapiradigan bo‘lsak, yoshlar o‘rtasida ko‘plab chempionlar chiqqan. Lekin 2007 yil men chempion bo‘lganimdan keyin navoilik Igor Shishkovning 60 kgdagi shogirdi chempion bo‘lgandi, yanglishmasam. Boshqa kattalar o‘rtasida jahon chempioni chiqqanini eslay olmadim. Balki yaxshi mutaxassislar etishmayotgandir. To‘g‘risi, shuning uchun meni qalbim yana O‘zbekistonga tortyapti. Kelib, klub ochib, armreslingni rivojlantiraman degan fikr ham yo‘q emas.
- O‘zbekistonni qanday xotiralar bilan eslaysiz?
- Men butunlay O‘zbekiston bilan aloqani uzib qo‘ymaganman. Yaqindagina borib keldim. 2 oy O‘zbekistonda bo‘ldim. Menga O‘zbekiston motivatsiya beradi. Kuch bag‘ishlaydi. Havosi zo‘r, taomlari juda shirin. Juda ko‘p mamlakatlarni kezdim, lekin o‘zbek taomlari kabi mazaligini topmadim. Buni tan olaman. Chunki men shu taomlarni tanovul qilib katta bo‘lganman. O‘zbekiston doim qalbimda, shirin bolaligim o‘tgan. Shogirdlarim, do‘stlarim bilan har doim muloqot qilib turaman. Bolaligimni eslayman. Sigir boqqanlarimiz, otim bor edi. Hayvonlarga juda qiziqaman. Umuman olganda zo‘r vaqtlarim o‘tgan. Hamma narsamizni sotib ketganmiz. To‘g‘risi afsuslanaman. Yana qishloqqa qaytgim keladi. Chunki shu hayotga o‘rganganman. To‘g‘ri, Turkiyada hamma narsam etarli, Antaliyada yashayman. U-joy, mashina, turistik shahar, dengiz barchasi bor, lekin o‘sha qishlog‘imdagi zavq baribir boshqacha…
- O‘zbekistonni Olimpiadadagi natijalaridan xabaringiz bormi?
- Albatta, nega kuzatmas ekanman. O‘zbekiston meni kindik qonim to‘kilgan yurt. Meni vatanim, doim qalbimda. Shunday ekan qattiq muxlislik qildim. Maza qildim. Boksdan 5 ta oltin olish, umuman natijalar ajoyib. Juda xursand bo‘ldim. Muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoevning olimpiadachilarimizni qo‘llab-quvatlashlarini ko‘rib, qani armrestling ham Olimpiada sport turi bo‘lsayu, vatanga qaytib, Olimpiada chempionlari chiqarsam, degan yaxshi niyatlar ham qildim.
- Umuman O‘zbekistonlik muxlislarga qanday aytar so‘zlaringiz bor?
- O‘zbekistonda haligacha juda ko‘p muxlislarim bor. Yosh armrestlingchilar siz kabi chempion bo‘laman. Buning uchun nima qilishim kerak deb so‘rashadi. Qo‘ldan kelgancha maslahatlar beraman. Yana bir karra aytaman, ehtimol O‘zbekistonga butunlay qaytarman. Maqsadim, O‘zbekistonda armrestlingni kuchaytirish. Ochig‘i, o‘zim yashagan, katta bo‘lgan hayotni sog‘indim. O‘zbekiston xalqiga esa doimo sog‘lik va salomatlik tilayman!
Ahmadbek EShMATOV suhbatlashdi.
Fikrlar