"40 yoshimda gollar urib yosharib ketyapman" yoxud Zafar Polvonov "Lochin"ning Kubokdagi sarguzashtlari haqida

  • 1 iyun, 00:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi liga vakili - Qarshining “Lochin” jamoasi O‘zbekiston Kubogida hech kim kutmaganda qiyin guruhdan Superliga vakillari – “Andijon” va “Surxon”ni mag‘lub etib, “Dinamo” bilan birga keyingi bosqichga chiqdi.

Tecno

Buning qarangki, “Lochin” keyingi raundda yana “Dinamo”ga qarshi maydonga tushadi. “Lochin”ning qahramonligini ko‘pchilik e’tirof etmoqda.

Jamoaning 40 yoshli hujumchisi Zafar Polvonov hali ham gol urishda davom etayotgani e’tiborga molik. U Kubok bellashuvlarida jamoasining muhim g‘alabalariga katta hissa qo‘shdi.

Kuni kecha Polvonov Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Zafar, siz 40 yoshda bo‘lishingizga qaramay, hamon futbolchilikdagi professional faoliyatingizni davom ettiryapsiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- To‘g‘risini aytsam, futbol o‘ynash niyatim yo‘q edi. Bor e’tiborimni murabbiylikka qaratgandim. Albatta, kimdir sababchi bo‘ladi. Chunki “Lochin” jamoasini ko‘p kuzatib borardim. Qishda Olim Karimov orqali xabarlashib qoldik. Bizga hujumchi kerak deb aytdi. Shunda “Lochin” bosh murabbiyi Sardor To‘xtaev bilan jiddiy gaplashib oldik. Jamoani pro ligaga olib chiqish bo‘yicha jiddiy maqsad qo‘yilgandi. Ikkilanmasdan taklifga rozilik berdim. Yana futbol ichida bo‘lganimdan xursandman. Bu meni quvontiryapti, hozircha hammasi yaxshi ketmoqda.

- Birinchi ligada to‘p suryapsiz va gollar uryapsiz. Shu yoshingizda futboldan zavq olyapsiz-a?

- Faqat futbolda emas, balki murabbiy jihatidan ham “Lochin” jamoasida ishlab kelmoqdamiz. Sanjar To‘raqulov va Sardor To‘xtaev bilan maslahatlashib reja asosida ko‘p taktik jihatlarni o‘rganib, “Lochin” jamoasiga foydam tegsa bundan xursand bo‘laman. Albatta, gol ursam zavqlanib, mazza qilaman.

- "Lochin" klubi O‘zbekiston Kubogida kutilmaganda sarguzashtini davom ettiryapti va qiyin guruhdan eson-omon keyingi bosqichga chiqdi. Jamoa "Andijon" va "Surxon"ni engdi. Buni qanday uddaladinglar? Rosti, siz ishonganmidingiz?

- To‘g‘risi, birgina men kutmaganda emas, “Lochin” jamoasini hech kim kutmagandi. Qishdagi yig‘inlar paytida har kuni futbolchilarga tushuntirib borardik, taktik ishlanmalarni uqtirib, bilganlarimizni murabbiylar shtabi bilan maslahatlashib, astoydil ishladik, yigitlar harakat qilishdi. “Lochin” jamoasi o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lib qolmadi. Rahbarlar jamoaga ishonch bildirishgan. Buni orqasida katta mehnat turibdi. Biz bir jamoamiz. Bir oiladek harakat qilib, shu darajaga etib keldik. Bu futbol. O‘zbekiston Kubogining keyingi bosqichiga etib keldikmi, demak mehnat orqali va qiyinchiliklarni engib, a’lo darajada ishlab kelyapsiz. “Lochin” to‘xtab qolmaydi. Kubok uchrashuvlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib boramiz.

- "Lochin" keyingi bosqichda "Dinamo" bilan o‘ynaydi. Jamoangiz yana sarguzashtini davom ettira oladimi? Har holda guruhda "Dinamo"ga yutqazgansizlar.

- Hammasi “Lochin” jamoasini ishonchida. Futbol o‘ynashni biladi va qo‘lidan keladi. Shunchaki, yaxshi tayyorgarlik ko‘rsa o‘ziga ishonch bilan o‘ynasa, albatta natija ham bo‘ladi. To‘g‘ri, “Dinamo” Superligada kuchlilar orasiga kiradi. Bu bizga yanada yaxshi. Chunki yigitlar o‘zlarini ko‘rsatishga intilishadi va mazza qilib futbol o‘ynashadi. Bizga kim bilan tushishni farqi yo‘q edi. “Dinamo”ga qarshi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Jamoa faxriysi va etakchisi sifatida futbolchilarni ortingizdan ergashtiryapsiz. Toliqish sezilmayaptimi?

- 40 yoshimda unchalik toliqish degan narsani his qilmayapman. Hammasi joyida, ortiqcha vazn yo‘q. Hali ham sport formasida bo‘lib turibman. Yoshlarga ko‘p narsani o‘rgatib, ko‘rsatib boryapman. Xullas, toliqish yo‘q. Qaytanga, yosharib ketyapman. Gol urib turgan odam albatta yosharadi. Shunga yarasha jismonan o‘zimni tayyorlab boraman.

- Bu oxirgi mavsumingiz bo‘ladimi yoki yana davom ettirasizmi?

-  Bu haqida hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Birinchi liga o‘yinlari va Kubok musobaqalari turibdi. Ko‘proq shular haqida o‘ylayapman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Bosh omon bo‘lsa, o‘ynayveramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!