30 mart sanasida yana "Burgutlar" va "Ajdarlar" to‘qnashganda yoxud "Bobur Arena"da katta o‘yin!

  • 28 mart, 2024, 16:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

30 mart oqshomida ikkita o‘yin bor. Biri Toshkentda bo‘lsa, yana biri Andijonda. Poytaxtda “Paxtakor” uyida “So‘g‘diyona”ni mehmon qiladi. Vodiyda esa “Andijon” o‘zining yoqimli arenasi bo‘lmish – “Bobur Arena”da “Nasaf”ni qabul qiladi. Ayniqsa, Andijonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv turning markaziy bahsiga aylanishi uchun sabablar etarli.

Tecno

“Andijon” ham, “Nasaf” ham, chempionatni bir xil boshlashdi. Dastlabki 3 ta turdan so‘ng 2 tadan g‘alaba va 1 tadan durang qayd etdilar. E’tiborlisi, Superligada hozircha eng ko‘p gol urgan jamoa “Andijon” bo‘lib turibdi. Dastlabki turda 0:0 o‘ynagan bo‘lsa, keyingi ikkita turda raqiblar darvozasiga 8 ta to‘p kiritishni uddaladi. Bu chindan ajoyib ko‘rsatkich. “Nasaf”da esa 4 ta gol bor. Bilasiz, “Nasaf”ning oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Shu bois ularda mas’uliyat va o‘ziga yarasha bosim ham mavjud. “Andijon”da esa bunday emas, jamoa hech qanday bosimlarsiz o‘ynayotgani ham ularga qaysidir ma’noda qo‘l kelmoqda. Qolaversa, O‘zbekistondagi eng sifatli va ashaddiy muxlislar Andijonda ekanini va ayniqsa, “Bobur Arena”dagi evropacha muhitni tasavvur qiladigan bo‘lsak, bu o‘yin kuni mezbonlarga qo‘shimcha kuch hamda motivatsiya bag‘ishlashi bor gap.

“Andijon” – “Nasaf” jamoalarining o‘zaro o‘yinlar tarixi 1997 yilning 30 martidan boshlangan. Oradan 27 yil o‘tib, yana 30 mart sanasida ushbu klublar o‘zaro 45-o‘yinda maydonga tushishadi. Ilk bellashuvda darvozalar daxlsiz qolgan – 0:0. “Andijon” “Nasaf” ustidan ilk g‘alabasini 1998 yilning 28 sentyabr kuni nishonlagan. Oltinko‘ldagi stadionda o‘tkazilgan bahsda andijonliklar 6:0 hisobida raqibini tor-mor keltirishgan. Umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha “Nasaf” oldinda. Shu kungacha o‘tkazilgan 44 ta uchrashuvning faqat 7 tasida “Andijon”ning qo‘li baland kelgan. “Nasaf” esa 27 ta o‘yinda g‘olib chiqqan. 10 ta bahs durang natija bilan yakun topgan. To‘plar nisbati 49-94 “Nasaf” foydasiga.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili mavsumning ochilish o‘yinida ikkala jamoa Qarshida to‘qnashishgandi. O‘shanda “Andijon” oxirgi daqiqalarda Sardor Abdunabievning super goli evaziga “Nasaf” maydonidan g‘alaba bilan qaytgan. Ikkinchi davrada Andijondagi uchrashuvda hisob ochilmagan.

“Andijon”ning yangi legionerlaridan biri tojikistonlik Shaxrom Samiev o‘tgan turda qizil kartochka olganligi sababli bu safar jamoasiga yordam bera olmaydi. “Nasaf”da esa diskvalifikatsiyaga uchragan o‘yinchi – bu Bahodir Xalilov.

“Andijon” va “Nasaf” o‘rtasidagi bu safargisi oddiy o‘yin bo‘lmaydi. Stadionda haqiqiy jang kechadi. Jamoalar shubhasiz g‘alaba ishtiyoqida bo‘ladilar. Stadiondagi muhitning o‘ziyoq futbolchilarni o‘ynatib yuboradi, ishonavering. “Bobur Arena”dagi yuqori atmosfera fonida o‘yin “yonadi”.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
29/03/2024 15:02
Хакикий футбол булади
&
feruzahamidullayeva
28/03/2024 17:33
Alo