
"25 yosh bo‘lganimda u erga tekinga ham borardim, menga qizig‘i qolmadi" yoxud Oleg Zoteev Antaliyada ochiq intervyu berdi (1-qism)
Tajribali futbolchi Oleg Zoteev Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga qaytdi. Kuni kecha ushbu klub bilan 2 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.
Tajribali himoyachiga takliflar bisyor edi. Ularning orasida “Lokomotiv” jamoasini tanladi.
Ma’lumki, Zoteev “Loko” bilan Turkiyaning Antaliya shahridagi mashg‘ulotlarda ishtirok etyapti. Shu sababli Oleg bilan “Asteria Kremlin Palace” mehmonxonasida uchrashdik va Sports.uz uchun katta intervyu berdi. Suhbatni ikki qismga bo‘lib e’tiboringizga havola qilamiz. Dastlab uning 1-qismini mutolaa qiling.
- Oleg taklifimizga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Antaliyada ko‘p bo‘lgansiz va bu shaharni juda yaxshi bilsangiz kerak-a?
- Ha, o‘ziga yarasha.
- Antaliyadagi yig‘inlar mobaynida qiziq voqealar ham ro‘y berganmi?
- Ko‘p bo‘lgan. Bir marta futbolchilar qolib ketgan, aeroportda. Lekin kimligini aytmayman (kuladi).
- Sizlar bilmasdan uchib ketganmisizlar?
- Yo‘q, o‘shani deb samolyotda kutib qolganmiz. “Lokomotiv”da bo‘lgan, adashmasm 2016 yili.
- Yana bir bor ushbu jamoa bilan shu erga keldingiz. Xo‘sh, yig‘inlar qanday davom etyapti?
- Yaxshi, sharoitlari zo‘r. Mashg‘ulot maydonlarining holati ham ajoyib. 14 kunlik yig‘inda dam olmadik, 5 ta o‘yin o‘ynadik. Tayyorgarligimiz reja bo‘yicha ketyapti. “UFA”ga qarshi o‘yindan keyin “Lokomotiv” bilan ikki yillik shartnomaga qo‘l qo‘ydim.
- Aynan shu haqida so‘ramoqchi edim. “Lokomotiv”ga qaytishingizni jiddiy sababi nimada bo‘ldi?
- To‘g‘risini aytsam, birinchi sababi Toshkentda qolaman degandim. “Qizilqum”dagi bir yillik faoliyatimdan keyin vodiyga yoki boshqa shaharlarga borgim kelmadi. Yashirmayman, “Surxon” Toshkentda yashaymiz deganida ular bilan bir-ikki marta gaplashganman. Ammo ular 100 foiz aniq gapirishmagan. “Bunyodkor”dan ham qiziqish bo‘ldi, biroq u qadar aniq emasdi. Vodiydan ham, “So‘g‘diyona”dan ham chiqishdi. Hozir ham “Surxon”dan qiziqish bor. “Metallurg” ham so‘radi. Xullas, Superligadan 4-5 ta variantlarim bor edi. Rosti, Janubiy Koreyada, “Qizilqum”da yurib charchadim.
- Masofa uzoq edi-a?
- Unchalik emas. 200-300 kilometr uzoq emas. Ammo haftalab uyda bo‘lmasangiz bu uzoqqa o‘xshab ko‘rinadi. Aslida hammasi O‘zbekistonning ichida. Farzandlarim katta bo‘lyapti, ularni yonida bo‘lishim, yordam berishim kerak. Safarlarda yuraverib charchadim. To‘g‘risini aytsam, menga qizig‘i qolmadi. Oldin qiziq bo‘lardi, chempion bo‘laman, uni yoki buni yutishim kerak, degan narsa bo‘lardi. Bu yil ham “Paxtakor” bilan “Nasaf” chempionlikka kurashadi. Ularning chap qanotida o‘yinchilari bor. Balki raqobat tug‘dirib berarman, ammo yoshim ancha katta-da. Chempionlikka kurashmaydigan bo‘lsam, endi menga ham qizig‘i qolmadi. O‘rta yoki pastki o‘rinlarda yurish menga kerak emas. “Lokomotiv” yangi loyiha qilyapti. Pro ligaga tushib ketdi. Klubda yoshlar ko‘p. Pro ligadan Superligaga chiqib kelasi yili jiddiy vazifa qo‘ymoqchi. Bu menga yoqdi. Qozog‘istondan ham takliflar bor edi, ketmadim. Mirko Yelichich, Denis Korostichenko va To‘labek Akramov bilan suhbatlashdik. Yordam bergin deb iltimos qilishdi. O‘zingiz bilasiz, “Lokomotiv” menga begona emas, uyimdek bo‘lib qolgan. Bu mening jamoam. 6 yil to‘p surdim. Uydagilar bilan maslahatlashdim va yana shu erda o‘ynashga rozi bo‘ldim. Muhit zo‘r, o‘yinchilar xursand bo‘lishdi. Marat Bikmaev ham qaytdi.
- Demak, sizda Superligada to‘p surishga qiziqish qolmabdi-da...
- Qiziqish qolgan. Demoqchimanki, faqat chempionlik uchun kurashadigan klublarga bormoqchi edim. Faqat shu narsa meni qiziqtirardi. O‘rtamiyona klublarga borgim kelmadi.
- Faoliyatingizni pro ligada davom ettirishingiz ortga tashlangan qadam bo‘lib tuyulmayaptimi?
- Orqaga qadam deysiz-u, yaxshisi men pro ligada aniq maqsadi bor jamoada o‘ynab, keyingi yili Superligaga qaytib yana o‘ynayman. Qanaqadir ishtiyoq bor. Balki sovrinli o‘rinlar uchun kurasharmiz yoki Kubok asosiy maqsad bo‘lar. Shu narsasi qiziq. Menga bu orqaga qadam emas. Aksincha, men uchun pro ligada ko‘proq shug‘ullanishga vaqt bo‘ladi. Ustimizda ko‘proq ishlaymiz. Superligada “nagruzka” bilan maydonga chiqsangiz qiyinroq bo‘ladi. Pro ligada trenajyor zalida ko‘proq ishlab maydonga tushganingizda oyog‘ingiz og‘ir bo‘lsa ham tiklanish uchun vaqt ko‘proq bo‘ladi. Pro ligada sifatli futbolchilar kam bo‘lishi mumkin, lekin hamma kuchli ishtiyoq evaziga o‘ynaydi. Ko‘p yugurishadi. Bir tomondan bu menga kerak. Bir yil “Qizilqum”da bo‘ldim. Bir yil ichida mashg‘ulot jarayonlarida yutqazdim. O‘yin sifati bo‘yicha ham orqaga qaytdim. 5-o‘rinni oldik, mayli bu “Qizilqum”ga zo‘r, menga zo‘r emas. Undan ko‘ra bir yil pro ligada o‘ynab, kelasi yilga jiddiy maqsad qo‘ygani ma’qul. Yosh chog‘imda katta yoshdagilar bilan o‘ynaganimda o‘zlaridan bir nimalar qoldirishgan. Men ham shuni xohlayapman. “Lokomotiv”da yoshlarga bir nimalarni o‘rgatsam, 10 yildan keyin Zoteev menga shuni o‘rgatgandi, deb gapirishadi.
- “Qizilqum”da o‘yin bo‘yicha orqaga ketganingizni aytdingiz. Bu masalada kengroq tushuntirib bersangiz.
- Mashg‘ulotlar jarayonlaridagi hamma narsada yutqazdim. Hozir “Lokomotiv”dagi mashg‘ulotlar o‘tgan yilgiga nisbatan juda sifatli. “Qizilqum”da trenajyor umuman yo‘q edi. Faqat o‘zim borardim. Qaysi trenajyorga borishimni ko‘p odamlar bilardi, ammo sir bo‘lsin. “Qizilqum”da shu narsa bo‘lmagan. Taktik usullar ham yaxshi emasdi. Nazariy mashqlarni ham ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. “Qizilqum”da hech narsa bo‘lmagan. Shu kabi sifatlar bo‘yicha juda orqaga chekinish bo‘ldi. Bu borada bir qadam emas, uch qadam. Shu bir yil ichida kerak bo‘lsa bir qadam orqaga qaytib, keyin ikki qadam oldinga siljimoqchiman.
- U holda “Qizilqum”da nimani ustida ishladinglar?
- Evropacha munosabat desak ham bo‘ladi, ammo bu unchalik evropacha emasdi. Raqib o‘yinini ko‘rsatardi. Shunga qarab 5 yoki 4 ta himoyachi bilan o‘ynaymiz, derdi bo‘ldi. Biroq yotig‘i bilan kim nima qilishini aytmagan. Futbolchilar o‘zi maydonga tushganida mahorati evaziga aqlni ishlatib o‘ynagan. Shuning uchun u erda bir yilni yo‘qotdik.
- Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, sizga Rossiyadan ham takliflar bor edi...
- Qishda Rossiya birinchi divizionidagi ayrim klublarga agentlarim taklif qilishdi. Bilsangiz, 33 yoshda u erda kam o‘yinchilar qolgan. 5-6 ta bor. Oldin ko‘p bo‘lardi. Rossiya birinchi divizionida 33 yoshli futbolchilar jismoniy tomondan oxirigacha yugura olmayaptilar, qiyin bo‘lyapti. 2-3 ta qiziqqan klublar bo‘ldi. Yoshimga qarab oylik maoshni ozroq qilib beramiz deyishdi. Men bormadim. Hech bo‘lmaganda 25 yosh bo‘lganimda u erga tekinga ham borardim. Shunaqa chempionatlarga o‘sish uchun albatta borish kerak. Hozir menga qaerga o‘sishim kerak? Endi bo‘ldi. Jarohatlar bo‘lmasa tinchgina 2-3 yil o‘ynashim mumkin, shundan so‘ng tugatsam bo‘ladi. Koreyadan ham qiziqish bor edi. Biroq oxirida ular yoshlarni olishdi. Mening o‘rnimga mahalliy 24 yoshli futbolchini taklif qilishdi. Ular yoshiga unchalik qarashmaydi. Ammo yoshrog‘ini olib, keyinchalik sotishni o‘ylashdi. Meni sotish qiyinroq.
- Rossiyadan qaysi klublar taklif bildirgandi?
- “Shinnik” bilan agentlarim gaplashishgan. Oxirgi marta “Baltika”ga ham taklif qilishdi. Ular zo‘r, sifatli o‘yinchi deb ta’rif berishdi-yu, biroq yoshi o‘tib ketgan deyishdi.
- Koreyadagi omadli faoliyatingizdan keyin sizda yana u erda qolish imkoniyati bor edi.
- Ha, ikki yillik faoliyatimdan so‘ng menga yana shartnoma berishgan. O‘zim qolmadim. Nimagaki, oilam Koreyaga kela olmasdi, bir o‘zim yana qiynalardim. Koreyaga 31 yoshimda ketgandim. O‘shanda hamma shu yoshingda Koreyaga ketyapsan, nima qilyapsan o‘zi, deb gapirishgan, menga hech kim ishonmagan. Koreyada barcha uchrashuvlarda 90 daqiqadan o‘ynab Kubokni yutib keldim. O‘zim uchun u erda ham o‘ynay olishimni isbotladim. Yana kuchim bor edi. Bu yil o‘sha jamoam Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynadi. Men faqat oilamni ustun qo‘yib qaytib keldim. Aks holda yana ikki yil to‘p surishga kuchim etardi. To‘g‘risi, ularda jismoniy taraflama boshqacha tayyorgarlik bo‘ladi. Biz bu erda bunday mashg‘ulotlarni yarmini ham qilmaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
(P.S. Suhbatning 2-qismi yaqin kunlarda).
Fikrlar