
2:0 dan keyin hisob 2:2 ga o‘zgargan "Andijon" - "Qizilqum" bellashuvi haqida
“Andijon” klubi Toshkentdagi yozgi yig‘ini doirasida oldindan rejalashtirilganidek, Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Yodingizda bo‘lsa, “Andijon” ilk o‘yinini 16 iyul kuni “Aral”ga qarshi bahsda raqibini 5:0 hisobida tor-mor keltirgandi. “Qizilqum”ni esa bu Toshkentdagi yozgi yig‘indagi birinchi o‘rtoqlik uchrashuvi edi.
O‘yinni ikkala jamoa ehtiyotkorlik bilan boshladi. Lekin to‘p nazorati bo‘yicha ustunlik “Burgutlar” tomonida edi. Uchrashuv mobaynida jamoalarda yaqqol golli imkoniyatlar bo‘lmadi. Ammo bo‘lim oxirlarida "Andijon" a’zosi Vagiz Galiulin standart vaziyatdan unumli foydalanib qoldi. Jarima maydonining chap qismi tarafidan belgilangan jarima zarbasini Vagiz qoyilmaqom tarzda bajarib hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda tabiiyki, jamoalar tarkiblarida o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, “Andijon” tarkibi to‘liq o‘zgartirildi. Ikkinchi bo‘limni ham andijonliklar yaxshi boshladi va 53-daqiqada ikkinchi gol urildi. Muhammadkarim Toirovning pasidan keyin hujumchi Rustam Turdimurodov o‘zi uchun yaratilgan qulay imkoniyatdan foydalandi.
Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, raqib jamoa a’zolari keskin hujumlar uyushtira boshladi. Albatta, darvozabon Eldor Adhamov ayrim vaziyatlarda jamoani qutqardi. Lekin “Qizilqum” futbolchilari baribir javob gollarini kiritgan holda muvozanatni tikladilar. Avvaliga Muhammadali G‘iyosov hisobni qisqartirgan bo‘lsa, bellashuv oxirlarida Fayzullo Qambarov boshi bilan gol muallifiga aylangan holda hisobni tenglashtirdi.
"Andijon" navbatdagi uchinchi o‘rtoqlik uchrashuvini endi 24 iyul kuni “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – “Qizilqum” – 2:2 (1:0).
20 iyul. Toshkent. “Do‘rmon” sport qarorgohi maydoni.
Hakamlar: Ahrol Risqullaev, Alisher Usmonov, Sanjar Shoyusupov.
Nazoratchi: Konstantin Smirnov.
“Andijon”: Igor Litovka, Ilhom Alijonov, Islom Mamatkazin, Ildar Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Farhod Bekmuratov, Levan Arveladze, Ilhom Abdug‘aniev, Vagiz Galiulin, Abinur Nurimbet, Shaxrom Samiev.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Muhammadkarim Toirov, Rustam Turdimurodov, Sardor Azimov, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Abdurahmon Komilov, Saidmurod Karimov, Shoxjahon Yorqinboev, Luka Zgurskiy.
"Qizilqum": Xumoyunshoh Sayyotov, Ilhom Vahobov, Fayzullo Qambarov, Abduholiq Tursunov, Azizbek Usmonov, Bekzod Saidov, Xumoyun Abdualimov, Ruslan Xayloev, Asad Asadov, Diyor Rahmatilloev, Muhammadali G‘iyosov.
Gollar: Vagiz Galiulin, 41 – 1:0. Rustam Turdimurodov, 53 – 2:0. Muhammadali G‘iyosov, 73 – 2:1. Fayzullo Qambarov, 86 – 2:2.
Fikrlar