
Yaxshiboev “Shaxtyor”dan ketadi!
“Shaxtyor”ning Belarus chempioni bo‘lishiga munosib hissa qo‘shgan o‘zbekistonlik legioner Jasurbek Yaxshiboev klubdan ketadi. Bu haqda Belarus futbolini yorituvchi jurnalist Vladislav Tatur o‘z telegram-kanalida ma’lum qildi.
- Mavsumni muvaffaqiyatli yakunlaganiga qaramay, Jasur Yaxshiboev ham “Shaxtyor”dan ketadi. U soligorsliklar tarkibida 13 ta o‘yinda ettita gol urdi. “Belshina”ga qarshi uchrashuvda xet-trik, “Smolevich” bilan bahsda dubl qayd etdi. “Vitebsk” va “Gorodey” darvozasini bir marotabadan ishg‘ol qildi. Uning mavsum o‘rtasida Soligorsk jamoasiga o‘tgani kutilmagan yangilik va shov-shuvli voqea bo‘ldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbekistonlik legioner “Shaxtyor” jamoasidagi ichki muhitga ko‘nika olmagan. U jamoada hech kim bilan aloqa qilmadi, hatto oltin medallarni topshirishuchun tashkil etilgan taqdirlash marosimida ham ishtirok etmadi.
Balki biz endi Yaxshiboevni milliy chempionatimizda umuman ko‘rmasmiz, lekin shubhasiz, uning nomi 2020 yilgi mavsumning haqiqiy qahramonlaridan biri sifatida tarixda qolaveradi, - deb yozadi Tatur.
Ta’kidlash joizki, Jasur Yaxshiboevning transfer huquqi “Shaxtyor”ga tegishli emas. Yil boshida “Energetik-BGU” jamoasi “Paxtakor” asosiy tarkibiga kiritilmagan futbolchini bir mavsumga ijaraga olgan edi. Keyinchalik bu jamoa soligorskliklarning taklifini qabul qilib, Yaxshiboevni “Shaxtyor”ga ikkilamchi ijaraga berdi.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Jasur Yaxshiboevning transfer huquqi “Paxtakor”ga tegishli emas ekan. Legioner sifatida katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsata boshlagan futbolchining agentlari bu huquqni “sherlar”dan sotib olgani haqida ma’lumotlar chiqdi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Jasur Yaxshiboevning Belarus chempionatidagi ijara muddati o‘z nihoyasiga etdi. Belarus oliy ligasi pandemiya karantini davrida davom ettirilgan yagona liga sifatida tarixda qoldi. Bu ushbu chempionatni dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi muxlisu mutaxassislar bevosita kuzatishiga sabab bo‘ldi.
Jasur Yaxshiboev Belarus futboli tarixidan eng zo‘r legionerlardan biri sifatida joy olishi, shubhasiz. U dastlabki mavsumning o‘zida juda ko‘p yutuqlarga erishdi. Eng asosiysi – chempionatni chempion sifatida yakunlandi.
Shaxsiy sovrinlariga ham har qanday futbolchi har qancha havas qilsa arziydi. Jasur Belarusning eng nufuzli nashri “Pressbol” boshchiligida tashkil qilingan “Eng yaxshi futbolchi” nominatsiyasi reytingida eng yuqori ball bilan g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, gol+pas tizimida 22 ball (16 ta gol + 6 ta golli pas) jamg‘arib, chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘ldi. Yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, raqiblar darvozasini 16 marotaba ishg‘ol qilib, to‘purarlar bahsida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Yaqinda Jasur Yaxshiboev sports.uz saytiga bergan intervyusida “Shaxtyor”da qolmasligini ma’lum qilgan edi. Demak, yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar mavsumida Jasurning faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Biz esa , iste’dodli futbolchimizga omad tilagan holda, uning atrofidagi voqea va yangiliklarni kuzatib borishda davom etamiz.
Fikrlar