
UFC jangchisi bir yil muddatga musobaqalardan chetlatildi
UFC jangchisi Marina Moroz (11-6 | 6-6 UFC) doping-testi musbat chiqqanligi sababli, ya’ni uning qonida meldoniy moddasi topilgani uchun bir yil muddatga musobaqalardan chetlatildi.
CCAD xabarlariga ko‘ra, Morozdan 2025 yil 25 iyunda Floridada olingan doping-namunasi meldoniy mavjudligini ko‘rsatgan. 2025 yil 16 iyulda olingan takroriy test ham musbat chiqqan, ammo birinchi natija haqida sportchiga ma’lumot berilmagani uchun bu bitta qoidabuzarlik sifatida baholangan. Moroz preparat shifokor tomonidan tayinlanganini tasdiqlovchi tibbiy hujjatlarni taqdim etgan. Biroq, u shifokorga sinovdan o‘tayotgan sportchi maqomi haqida xabar bermagan, moddaning taqiqlanganligini tekshirmagan va terapiyaviy maqsadlarda foydalanish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilmagan.
Sportchining hamkorlik qilganini va preparatni cheklangan muddatda qabul qilganini inobatga olib, CCAD standart ikki yillik diskvalifikatsiya muddatini bir yilga qisqartirdi. Natijada, Moroz 2026-yil 17-iyuldan boshlab yana janglarga qaytishi mumkin bo‘ladi.
Ukrainalik sportchi Marina Moroz o‘zining so‘nggi jangini 2024 yil 9 mart kuni "UFC 299" turnirida Joann Kaldervudga qarshi o‘tkazib, mag‘lub bo‘lgan edi.
Fikrlar