"Metallurg"ning oxirgi daqiqada g'alabani qo'ldan chiqargan o'yiniga Ilhom Mo'minjonov nima deydi?
- Бугун, 00:44
- Shuhratbek Jo’rayev
- 0
- Futbol
Pro liganing 6-turi doirasida "Metallurg" - "Olimpik Mobiyuz" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, Bekobodning "Metallurg" klubi Superligaga chiqish uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Lekin "Olimpik Mobiyuz"ga qarshi uchrashuvda maydon egalari ochko yo‘qotdi. Ushbu uchrashuvda 1:1 natijasi qayd etildi.
Aslida "Metallurg" Azim Ahmadovning 48-daqiqada penaltidan kiritgan goli evaziga g‘alabaga yaqin kelishayotgandi. Biroq 90+3-daqiqada raqib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi va natijada "Metallurg" tayyor g‘alabadan quruq qoldi.
O‘yin yakunlangach, bekobodliklar ustozi Ilhom Mo‘minjonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Qiziqarli o‘yin guvohi bo‘ldik. "Olimpik Mobiyuz" bir necha mavsumdan buyon shakllanib kelayotgan yaxshi jamoa. G‘alaba uchun maydonga tushgandik, ammo so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordik — bu futbol.
Yigitlarga o‘yin uchun minnatdorchilik bildiraman. Onlayn jadvalda 14 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turibmiz. Bugungi o‘yindagi xatolar ustida ishlab, keyingi o‘yinga e’tibor qaratishimiz kerak. Safarda “Jayhun” klubi bilan o‘ynaymiz.
Maksvell jarohat orttirib oldi. Shu bois uni qayta alishtirishga to‘g‘ri keldi.
Umuman olganda, shogirdlarimning harakatidan mamnunman. Avval aytganimdek asosiy maqsad — Superliga yo‘llanmasi. Shunday bo‘lsa-da, Kubok bahslarida ham qaysi bosqich uchrashuvi bo‘lmasin, maydonga g‘alaba uchun tushamiz".