
"UFC fight Island 8": Hamyurtimiz Zarruh Adashev oktagonga ko‘tarilmoqda (matnli translyatsiya)
Hozirgina Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida "UFC fight island 8" jang kechasi start oldi. Ushbu sahifa orqali hamyurtimiz Zarruh Adashev navbatdagi bahsini o‘tkazadigan mazkur turnirni matnli tarzda kuzatib borishingiz mumkin.
22:18: Birinchi raundda mag‘lubiyatdan arang qutulib qolgan Omari Axmedov ikkinchi raundda raqibini "sabmishen" evaziga engdi. Brize kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
21:52: Omari Axmedov va Tom Brize kelgusi jang ishtirokchilari. Oktagon ularni kutmoqda.
21:48: Rikki Simon 2-raundda og‘rituvchi usul bilan raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Jang davomida ham uning ustunligiga guvoh bo‘layotgandik. "Sabmishen"gacha ham u ochkolar bo‘yicha oldinda edi.
21:37: Endigi navbat Rikki Simon va Gaetano Perrilo jangiga.
21:32: Hakamlarning noyakdil qaroriga ko‘ra, Su Mudaerdzi g‘olib deb topildi. Afsuski, Zarruh ikkinchi jangini ham boy berdi. Kelgusi janglarida omad tilaymiz.
21:21: Ikkinchi raundda biroz g‘alati stsenariy guvohi bo‘ldik. Avvaliga, Zarruh bir nechta qarshi hujumda raqibini ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Raund so‘ngida Adashev ketma-ket ikki marotaba qariyb nokdaun holatiga tushib qoldi. Uchinchi 5 daqiqalikda unga omad tilaymiz.
21:14: Birinchi raund yakunlandi. Har ikkala jangchi o‘zaro o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Zarruh bir necha marotaba boshga zarba yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi.
21:09: Jang boshlandi. Omad, Zarruh.
21:05: Mana endi biz kutgan jang boshlanmoqda. Zarruh Adashev oktagonga chiqib keldi.
21:03: Hakamlar to‘liq davom etgan jangda Dalcha Langiambulaning g‘alabasini qayd etdi.
20:42: Navbat Dalcha Langiambula va Markus Peres kurashiga. Jang boshlanishiga barcha narsa shay.
Meyson Jonsning jangdan keyingi holatiga havas qilib bo‘lmaydi. Ammo mag‘lubiyatga uchragan sportchi kayfiyati yaxshi ekanligini ko‘rsatmoqda.
20:36: Mutlaqo kutilmagan bir vaziyatda hakamlar Fransisko Figeridoni g‘olib, deb e’lon qildi. Jang davomida, bizningcha, Rivera faollik namoyish etgandi. Nima ham derdik, g‘alaba bilan Fransiskoni tabriklaymiz.
20:18: Navbatdagi jangda Fransisko Figerido Jerom Riveraga qarshi jang o‘tkazadi. Jangchilar oktagonga chiqib keldi.
20:12: To‘liq davom etgan bellashuvdan so‘ng, Mayk Devis hakamlar tomonidan g‘olib deb e’lon qilindi.
19:51: Navbatdagi jang Mayk Devis va Meyson Jons o‘rtasida kechadi. Ular oktagonga chiqib kelib ulgurgan.
19:39: Umar Nurmagomedov 2-raundda raqibini bo‘g‘ib olish usuli orqali g‘alabaga erishdi. Qoyil, Umar. Uning jangdan keyingi fikrlarini Deniel Korme eshitdi, Xabib esa tarjimonlik qildi.
19:26: Navbatdagi jang Umar Nurmagomedov va Sergey Morozov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Sportchilar so‘nggi tayyorgarlik ishlarini olib borishmoqda.
19:21: Menon Fiorot 2-raundning so‘ngida raqibini texnik nokautga uchratdi.
19:05: Dastlabki jang ayollar o‘rtasida. Unda Viktoriya Leonardo Menon Fiorotga qarshi oktagonga ko‘tariladi.
Fikrlar