
Transferi keskin oshgan yulduzlar. Ular orasida Shomurodov ham bor!
Yozgi transferlar mavsumi futbol muxlislariga shov-shuvli yangiliklarni ham taqdim etdi. Bu jarayonda kutilgan va kutilmagan voqealar ham yuz berdi. Birgina misol – Lionel Messining “Barselona”ni tark etishini kim ham o‘ylabdi, deysiz?
Ayni paytda Evropa futbolini tahlil qilayotgan mutaxassislar transferlarning turli jihatlarini o‘rganib, o‘z xulosalarini taqdim etmoqda. Evropalik ekspertlar yozda transfer summasi keskin ko‘tarilgan futbolchilar ro‘yxatini tuzdi. Kelajagi porloq, deb e’tirof etilayotgan ushbu besh nafar charm to‘p ustasi qatoridan Eldor Shomurodov ham joy oldi.
Demak, narxi oshayotgan futbolchilar bilan birma-bir tanishamiz.
Denni Ingz. Transfer narxi 21 million evro. “Aston Villa”ga 36 million evroga o‘tdi.
Ayni paytda 29 yoshni qarshi olgan Denni Ingzga taqdir ikkinchi bor imkoniyat bermoqda. Mohir hujumchi avval “Liverpul”da o‘zini ko‘rsatishi kutilgandi. Lekin uch yil davomida atigi 25 marta maydonga tushdi. Keyinchalik “Sautgempton”ga ravona bo‘ldi. Ingz “avliyolar” safida 100 ta uchrashuvda 46 ta gol va o‘nta assistni amalga oshirganidan keyin “Aston Villa” transfer narxi 21 million evro bo‘lgan futbolchini 36 million evroga xarid qildi. Ingz birinchi turdayoq yangi jamoasi uchun gol urib, ishonchni oqlay boshladi.
Jek Grilish. Transfer narxi 65 million evro. “Manchester Siti” 117 million evro to‘ladi.
Bu Angliya futboli ichidagi eng qimmat transfer sifatida qayd etildi. “Aston Villa” etakchisiga xaridor ko‘p edi. Villaliklar ancha vaqtgacha uni sotishni istamadi. To‘g‘rirog‘i, o‘zlariga ma’qul summa taklif etilishini kutdi. Xosep Gvardiolaning istaklari uchun pul ayamaydigan “shaharliklar” rahbariyati “Aston Villa” kutgan narxni berishga rozi bo‘ldi. Hozircha, Grilish o‘ynagan o‘yinlarda Xosep Gvardiola shogirdlari mag‘lub bo‘lmoqda.
Eldor Shomurodov . Transfer narxi 7 million evro. “Roma” 17,5 million evro to‘ladi.
Shomurodov 2017 yilda “Bunyodkor”ni tark etganida “Rostov” hujumchi uchun 300 ming evro to‘lagandi. Ayni paytda Rossiya terma jamoasini qabul qilib olgan Valeriy Karpin qo‘l ostida Eldor mahoratli hujumchiga aylandi. 2020 yilning oktyabrida “Jenoa” o‘zbek hujumchisini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bu transfer uchun genuyaliklar bonuslar bilan birga 9 million evro xarajat qildi.
“Jenoa” bir yilda barcha xarajatlarini foyda bilan qoplab oldi. “Roma” Shomurodov uchun 17,5 million to‘ladi va qo‘shimcha bonuslar bilan bu summa 20 million evrogacha ko‘tarilishi mumkinligi aytilmoqda. Qolaversa, “Jenoa” keyingi transferdan ham 10 foiz ulush oladi.
Shomurodov Joze Mourino jamoasiga tez kirishib ketdi. U ikkita uchrashuvda bittadan to‘p kiritishdan tashqari, ikkita golda bevosita ishtirok etdi. Rimliklarning hamyurtimizdan umidi katta.
Ben Uayt. Transfer narxi 28 million. “Arsenal” uni 58 million evroga oldi.
Bu transfer ko‘pchilikni hayron qoldirdi. “Arsenal” xo‘jayinlari “Brayton”ning 23 yoshli himoyachisi uchun favqulodda ko‘p mablag‘ sarfladi. Mutaxassislar Ben Uayt “kanonirlar”ning o‘yin uslubiga juda mos tushishi bois, londonliklar pulni ayamaganini aytmoqda.
Bu himoyachi tezkor tarzda hujum tashkil qilish, maydonni yaxshi ko‘ra olish, o‘yinni “o‘qish”, pressingda kuchli, chidamli ekani bilan ajralib turadi. Uning yagona kamchiligi “ikkinchi qavatda” etarlicha ustunlik qila olmaydi.
Matias Vina. Transfer narxi 5 million evro. “Roma” himoyachi uchun 15 million evrodan voz kechdi.
Vina faoliyatini Janubiy Amerikada davom ettirib kelayotgan edi. Rimliklar 23 yoshli futbolchiga uch baravar ko‘p xarajat qildi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Mina Urugvay milliy terma jamoasi safida 16 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Ayni paytda Minaning oldida turgan eng katta vazifa Italiya futboliga moslashib olish. “Roma” muxlislari hozirdan urugvaylik futbolchidan Eldor Shomurodov singari jamoaga tezroq manfaat keltirishni talab qilmoqda.
Fikrlar