
Tite sog‘lig‘i tufayli murabbiylik faoliyatini to‘xtatdi
Braziliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi o‘zining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘i uchun vaqtincha murabbiylik faoliyatini to‘xtatishga qaror qilganini ma’lum qildi.
"Men inson sifatida ba’zi paytlarda o‘zimni zaif his qilishim mumkinligini tan olish kerakligini tushunaman. Buni qabul qilish men uchun kuchliroq bo‘lish imkonini beradi, shubhasiz.
Men ishimni juda yaxshi ko‘raman va bu muhabbatni saqlab qolaman. Biroq, oilam bilan suhbat va tanamdan kelayotgan signallarga e’tibor berib, men uchun hozir eng to‘g‘ri qaror – sog‘lig‘im bilan shug‘ullanish va faoliyatimni to‘xtatish bo‘ldi. Qanchalik kerak bo‘lsa, shuncha dam olaman.
Avval xabar berilganidek, men "Korintians" bilan muzokaralar olib borayotgandim, lekin bu murakkab, biroq zarur qaror tufayli muzokaralar to‘xtatildi" – deyiladi Tite bayonotida.
Tite 2016 yildan 2022 yilgacha Braziliya terma jamoasini boshqargan. 63 yoshli mutaxassisning so‘nggi jamoasi "Flamengo" bo‘lib, u bu klubni o‘tgan yil sentyabrda tark etgan. 2024 yil avgust oyida u yurak bilan bog‘liq muammolar tufayli shifoxonaga yotqizilgan edi.
Fikrlar