Superliga. Abramov bu safar Boshkovichga qarshi - bugun 20-tur boshlanadi
Bilasiz, bugundan Superligada 20-tur bellashuvlari start oladi. G‘uzorda "Sho‘rtan" "Navbahor"ni qabul qilsa, "Dinamo" "So‘g‘diyona" maydoniga tashrif buyuradi.
"Sho‘rtan" - "Navbahor"
G‘uzorliklar so‘nggi ikki prinsipial bahslarda mag‘lubiyatga uchrashdi. Birinchisida o‘zidan o‘sha paytda 1 pog‘ona yuqorida joylashgan "Qo‘qon-1912"ga engilgan bo‘lsa, o‘tgan turda Qashqadaryo derbisida "Nasaf"dan mag‘lubiyat qabul qilindi. Eldor Moyliev shogirdlari hali-hamon Pro ligaga tushib ketishga asosiy da’vogarlikni hech kimga bermay kelmoqda. Bu ketishda murabbiy yaqin orada yana yangilansa kerak. Lekin, murabbiyning o‘zi bilan qanchalik ish bitarkin.
Jamoaga yaxshi nomlar ham olib kelindi. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Odil Abdumajidev, Abubakr Rizo Turdialiev, Farrux Muxtorov Superliga tajribasiga ega futbolchilar hisoblanishadi. Afsuski, ular ham hozircha klubning pog‘onasiga ta’sir qila olishgani yo‘q.
"Navbahor"da ikkinchi davraga kelib barqarorlik yo‘qolgandek - jamoa "Mash’al"ni 6-0 yutgandan so‘ng 5 ta o‘yindan faqat derbida "Andijon"ni enga oldi, xolos. "Neftchi" va "Paxtakor"dan mag‘lubiyat, "Dinamo" hamda "So‘g‘diyona" bilan durang qayd etildi. Ammo, har safar aytayotganimizdek, o‘yin yo‘qolgani yo‘q. Muhlislar ham hozircha shu sabab jamoadan qoniqib turishibdi.
Beqaror "Navbahor” autsayder "Sho‘rtan" bilan barqarorlikni qaytara oladimi, ko‘rish qiziq. Imkoniyatlar foizlarda 30-70 "lochinlar" foydasiga.
"So‘g‘diyona" - "Dinamo"
Jizzaxliklar ikkinchi davrani "qo‘rqinchli" taqvim bilan boshladi. O‘tkazgan 4 bahsidan 3 tasidagi jamoalar kuchli uchlik, balki chempionlikka ham kurashmoqda. Faqatgina "Mash’al" bilan bahsda favorit sifatida harakat qildi va g‘alabaga erishdi. Qolgan uch bahsda esa faqat 1 ochko ishlandi, xolos. Ammo, mutaxassislar tomonidan "Nasaf" va "Navbahor"ga qarshi bellashuvlar ijobiy taassurot qoldirdi. Oxirgi turda esa negadir "Paxtakor"ga qarshilik ko‘rsata olishmadi. Boshkovich bu bahsdan tragediya yasamaslik kerakligini aytyapti. Lekin, mag‘lubiyatlar murabbiyning dramatik iste’fosiga sabab bo‘lishi mumkin.
"Dinamo"ning "Neftchi"ga qarshi qoldirilgan bahsdagi mag‘lubiyati hamon yagonaligini saqlab turibdi. Ikkinchi bahsdagi 4 bellashuvdan 2 tasida durang qayd etildi. Biroq, raqiblar ham anoyi emasdi - "Paxtakor", "Navbahor. Qolgan ikki o‘yindan esa "OKMK" va "Mash’al" taslim etildi. Bu turda jamoada ikki futbolchi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Firdavs Abdurahmonov hamda Maqsudxo‘ja Alixo‘jaevlarning yo‘qligi qanchalik ta’sir qilarkin ko‘ramiz.
Boshkovich va Abramovning taktik kurashini ko‘rish qiziqarli bo‘lishi aniq. Ikki murabbiy ham hujumkor futbol tarafdori. Shu sababli, bu bahsdan ikkitadan ko‘p gol kutavering. Imkoniyatlar 45-55 samarqandliklar foydasiga.
Ikkala uchrashuvda ham qiziqarli jihatlar mavjud. Shu bois o‘yinlarni o‘tkazib yuborish afsuslanishga sabab bo‘lishi mumkin.
Yahyoxon G‘aniev.



Fikrlar