"So‘g‘diyona" - "Istern": Uchrashuvda hisob ochildi! (matnli translyatsiya)

  • 6 sentabr, 2022, 17:55
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Assalomu alaykum qadrli futbolsevar do‘stlar!

Tecno

OFK Kubogi hududlararo yarim finali doirasidagi "So‘g‘diyona" - "Istern" uchrashuvi boshlanmoqda.

Quyida muhimlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan mazkur qarama-qarshilikdan matnli translyatsiya e’tiboringizga havola etiladi.

"So‘g‘diyona" - "Istern" 1:0

90+4. Uchrashuv yakunlandi. G‘alaba muborak bo‘lsin!

90+3. To‘pni raqib oyoqlari orasidan olib o‘tgan Hasanov qoida buzish evaziga to‘xtatildi.

90+2. Hisob bizning foydamizga, to‘p ham vakillarimiz nazorati ostida bo‘lib turibdi.

90. Bellashuvning asosiy vaqtiga 2 daqiqa qo‘shildi.

88. Stadionga yig‘ilgan muxlislar "bo‘rilar"ni tinmay qo‘llab-quvvatlamoqda!

87. Goldan ruhlangan vakillarimiz oldinga intilishni davom ettirmoqda.

85. GOOOOOOOLLLLLL!!!! NORXOOOONOOOOOOV!

Denisovning uzatmasidan so‘ng Shohruz Norxonov darvozani ishg‘ol etdi!

84. G‘ofurov yiqilib tushdi. Hakam o‘yinni davom ettirish kerakligini ta’kidlamoqda.

83. Qahramonovning xavfli zarbasidan so‘ng raqib darvozaboni jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi.

81. Husniddin G‘ofurovning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.

80. Jasur qanotdan oshirgan ikkita to‘pga ham "bo‘rilar"dan hech kim zarba bera olmadi.

79. Qanotdan oshirilgan to‘pga G‘ofurovdan oldin raqib darvozaboni etib keldi.

77. Norxonov o‘yindan tashqari holatda qolib ketdi. Hakam bahsni to‘xtatdi.

76. "Istern" safida o‘zgarish. Chun Anson o‘rniga Chu Vay Kvan o‘yinga qo‘shildi.

75. Ikkinchi qavatdan oshirilayotgan to‘plarning aksariyatini himoyaga qaytayotgan Bertomeu qaytarmoqda.

74. Shahboz Jo‘rabekov o‘z o‘rnini Husniddin G‘ofurovga bo‘shatib berdi.

72. Mitrovich to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Yaxshiyamki, Hasanov xavfni bartaraf etdi.

71. So‘nggi daqiqalarda "Istern" futbolchilari ham biroz faollashdi.

69. Shohruzdan yana bir zarba. Bunisi ancha kuchsiz.

69. Norxonovning o‘z uslubidagi zarbasi bu safar darvozagacha etib bormadi.

67. Viktor Bertomeu o‘zining ilk zarbasini yo‘lladi. To‘p ancha noaniq ketdi.

65. Chermel bilan "devor" uslubida kombinatsiya uyushtirgan Shaykulov hujumni davom ettira olmadi.

63. Hasanovning uzatmasidan keyin Jo‘rabekov to‘pni to‘xtata olmadi. Qulay imkoniyat qo‘ldan ketdi.

61. O‘yin o‘rtacha tempda davom etmoqda.

60. Shaykulovning olis masofadan bergan zarbasiga biroz aniqlik etishmadi.

60. "Istern" futbolchilari to‘pni nazorat qilishga harakat qilyapti, biroq futbolchilarimiz pressingda yaxshi harakat qilmoqda.

58. "Bo‘rilar" raqib jarima maydoni oldida shturm uyushtirmoqda.

56. Burchakdan oshirilgan to‘pni vakillarimiz darvozaga yo‘llay olmadi. Yana bir hujumni golsiz yakunladik.

56. Jasur Hasanovning xavfli zarbasini raqib posboni qaytardi.

55. Baqoev ikkita o‘zgarishga qo‘l urdi. Denisov hamda Manazarov maydonga tushdi, ular Salomov va Daniel Nasriddinovni almashtirdi.

54. Jarima maydoni ostonasida Norxonovga nisbatan qoida buzildi. Ideal nuqtada standart vaziyatga egamiz.

53. Mehmonlar biroz "jyostkiy" o‘ynayapti, biznikilar hali boshlamadi!

52. Zarba berishni paysalga solgan Qahramonov yakunda to‘pni yo‘qotdi.

51. Norxonov maydoncha ichida yiqildi, hakam jim.

51. Hasanov jarima maydoniga uzatma amalga oshirdi, himoyachilar faolroq harakat qilib, to‘pni uzoqlashtirdi.

49. Shohruzdan yana bir urinish. Bunisi ham manzilga aniq etib bormayapti.

47. Yana ilk xavfli zarba bizda: Norxonov boshi bilan ozgina noaniq zarba berdi.

46. Ikkinchi taymga start berildi. Olg‘a "bo‘rilar!"

46. Futbolchilar maydonga qaytdi. Biz ham qaytamiz!

Birinchi taym statistikasi quyidagicha ko‘rinish olgan.

photo_2022-09-06_18-47-48

45+1. Dastlabki taymda hisob ochilmadi, tanaffus!

45. Birinchi bo‘limga 1 daqiqa qo‘shib berildi.

44. Javohir Qahramonovdan juda xavfli zarba, to‘p to‘sindan biroz yuqori balandlikda maydonni tark etdi.

43. Standartdan berilgan zarba jonli devordan o‘tmadi.

42. Salomov jarima maydoniga yaqin hududda yiqitildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish uchun ideal nuqta.

41. Hakamning qarorlari stadionga yig‘ilganlarning e’tiroziga sabab bo‘lyapti.

40. Vu Chun Ming tomonidan berilgan zarbani Milan Mitrovich ushlab oldi.

39. "Istern" futbolchilari xavfli qarshi hujum uyushtirdi. Sun Ming Himning zarbasidan so‘ng to‘p Kolakovichdan maydonni tark etdi, burchak zarbasi.

37. Vakillarimizning zarbasidan so‘ng to‘p ustundan qaytdi. Biroz omad etishmadi.

photo_2022-09-06_18-15-49

36. Standartdan etkazib berilgan to‘pni raqib darvozaboni uzoqlashtirdi.

34. Gongkongliklarning kamsonli hujumlaridan navbatdagisi noaniq pas tufayli yakuniga etmay qoldi.

33. Futbolchilar o‘zaro tortishib qoldi. Hakam vaziyatga aralashib, ularni og‘zaki ogohlantirdi.

32. Hasanov bergan har ikki pas jamoadoshlariga qadar etib bormadi.

31. Luka Chermel raqibidan katta tezlikda o‘tib ketdi va to‘pni jarima maydoniga oshirdi. Himoyachi xavfni bartaraf etdi.

30. Jizzaxda havo harorati biroz issiq. Referi futbolchilarga salqinlanib olish imkoniyatini taqdim etdi.

28. To‘p raqib himoyachisining qo‘liga tegdi, hakam qo‘l odatiy holatda deb topdi va o‘yinni davom ettirishga ko‘rsatma berdi.

27. "Istern" 8 kishi bo‘lib himoyalanyapti, bu vakillarimizga anchagina katta qiyinchilik tug‘dimoqda.

26. Norxonov to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi. Ammo hujum davom etmoqda...

24. Raqibning ilk hujumi Markos Gondraning noaniq zarbasi bilan yakunlandi.

22. Jarima maydoni burchagidan zarba bergan Chermel supergol muallifiga aylanishi mumkin edi, biroq to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.

21. Bellashuv tempi biroz pasaydi. "Bo‘rilar" raqib mudofaasidagi ojiz nuqtani izlamoqda.

19. Ayni paytga kelib o‘yinning eng faol futbolchisi 39 yoshli Jasur Hasanov bo‘lib turibdi. Undan 2 yosh kichik Ronaldu esa MYu zaxirasida qolib ketyapti!

18. Qahramonov qanotdan to‘pni uzatdi, himoyachi uni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

16. Luka Chermelning maydon markazidan bergan zarbasi ancha noaniq ketdi.

14. Ma’lumot uchun, mazkur bellashuvda VAR tizimidan foydalanilmaydi.

photo_2022-09-06_18-15-48_1

14. Avvaliga Norxonov "akrobatik" usulda zarba berishga urinib ko‘rdi, ammo u to‘pga eta olmadi. Salomovning urinishidan so‘ng to‘p himoyachining qo‘liga tekkandek ko‘rindi. Hakam o‘yinni davom ettirishga ruxsat bermoqda.

13. To‘liq ustunlik jamoamiz tarafida bo‘lib turibdi. Faqat endi hujumlarni xavfliroq zarba bilan yakunlash qoldi.

12. Nasriddinov xatoga yo‘l qo‘ydi. Hayriyat, Shoyqulov raqib hujumini markazda to‘xtatdi.

11. Jasurning yaqin burchakka bergan zarbasi noaniq ketdi.

11. Xavfli vaziyatga egamiz. To‘p yonida Hasanov.

10. Jarima maydoniga yorib kirayotgan Jo‘rabekovni qoida buzish evaziga to‘xtatib qolgan Kvun Chung ogohlantirildi.

9. Nasriddinovga sariq kartochka ko‘rsatildi.

7. Maydon markazi biznikilar tomonidan nazorat qilinmoqda. Shu tempda davom etish lozim.

6. Shahbozning qanotdan bergan pasi noaniq ketdi.

5. Ming Him sherigi uzatgan to‘pga eta olmadi. Mitrovich to‘pni egallab, jamoamiz hujumini boshlaydi.

4. Nasriddinovning uzatmasiga Jo‘rabekov eta olmadi. Raqib posboni to‘pni erkin zarba bilan o‘yinga kiritib beradi.

3. Chermel yo‘llagan zarbaga aniqlik etishmadi. Vakillarimiz ilk daqiqalardan faollik namoyish etmoqda.

2. Jarima maydoniga oshirilgan to‘pni Norxonov darvozaga yo‘llay olmadi.

1. Uchrashuvga start berildi! Olg‘a "bo‘rilar!"

photo_2022-09-06_18-15-45

0. Jamoa sardorlari Hasanov va Kozubaev hakamlar ishtirokida rasmiy jarayonni o‘tkazib oldi. Start uchun barchasi tayyor!

0. Futbolchilar maydonga tushib keldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!