“Siti” darvozaboniga jiddiy klubdan chorlov bo‘lyapti
- 11-апрел, 17:51
- Zohir Toshxo’jayev
- 0
- Futbol
Joriy mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin “Tottenxem” yozgi transferlar oynasi davrida tarkibini jiddiy isloh qilib, yana yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylanishni maqsad qilgan.
London klubi asosiy darvozabon o‘rniga “Manchester Siti”da Janluiji Donnarummaning o‘rinbosariga aylanib qolgan Jeym Traffordni mo‘ljallayapti.
“Tottenxem” joriy mavsum yakunida asosiy posboni Gulyelmo Vikario bilan xayrlashadi. Italyalik golkiper A Seriyaga qaytishi kutilyapti. U o‘z yurtining bugungi kundagi eng qudratli klubi “Inter” bilan kelishuvga erishgan.
“Tottenxem”ga o‘tishi mumkin bo‘lgan darvozabonlar orasida Bart Verbryuggen ham bor, uni jamoaning yangi bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi “Brayton”dagi hamkorlikdan yaxshi taniydi. Biroq 23 yoshli niderlandiyalik futbolchiga “Chelsi” va “Bavariya” kabi yirik klublar ham da’vogarlik qilmoqda.
Verbryuggenga muqobil variant sifatida “Tottenxem” aynan Trafford nomzodini ko‘rib chiqmoqda. The Sun nashrining ma’lum qilishicha, Angliya terma jamoasida debutini o‘tkazgan Trafford “Manchester Siti”da zahirada o‘tirishga rozi emas.
Aslida “shaharliklar” 23 yoshli darvozabonni o‘tgan yozda “Börnli”dan 27 million funt evaziga qayta sotib olgan edi. Avvaliga unga asosiy darvozabon maqomi berildi. Keyin kutilmaganda Janluiji Donnarumma transferi amalga oshirilganidan keyin Trafford ikkinchi darvozabonga aylandi. Unga hozir “Nyukasl” va “Aston Villa” ham qiziqish bildirmoqda.