
Shomurodovning tarafdorlari oyoqqa turdi!
Qishki transferlar oynasining so‘nggi kunlarida Eldor Shomurodov atrofida keskin o‘zgarishlar yuz bermoqda. “Roma” rahbariyati 29 yoshli hujumchini boshqa klubga o‘tkazib, o‘rniga boshqa markaziy hujumchi olib kelishga urinayotgan edi.
Eldor uchun “Venetsiya, “Empoli” va “Kalyari” klublari o‘zaro raqobat olib borayotgan pallada Klaudio Raneri legionerimizni “Udineza” va “Ayntraxt”ga qarshi uchrashuvlarda bir necha daqiqaga maydonga tushirdi.
Har ikki uchrashuvni yuqori saviyada o‘tkazgan Shomurodov Evropa Ligasi doirasida nemislar darvozasiga gol urganidan keyin Raneri uni jamoada qolishini ta’kidladi.
“Roma” muxlislari Shomurodov haqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘z munosabatlarini bildirmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini legionerimiz atrofida bo‘layotgan fikr-mulohazalar bilan tanishtiradi.
Tyler Jay Smith:
Eldorni etarli darajada qadrlashmayapti va “Roma” undan nega qutilmoqchi bo‘layotganini hech kim tushunmayapti. Klub Shomurodovni ushlab qolib, yoniga yana bir hujumchi olishi kerak.
Luca Ridolfi:
Shomurodov “Roma”da qolsin!
Giallorosso Lupo:
Keyingi o‘yinni Shomurodov asosiy tarkibda boshlasin. Dovbik ilk daqiqadan o‘ynashga arzimaydi.
Rey Gascon:
Shomurodov ajoyib gol urdi.
Ham Der Nico:
Dovbik “Roma” tarixidagi eng yomon hujumchi. Aslida Eldor undan ancha kuchli.
IL Capitano:
Shomurodovdan ajoyib gol ijrosini ko‘rdik. Zo‘r o‘ynab berdi.
La Voce Dei Romanisti:
“Roma” mavsum davomida bir necha marotaba bo‘lgani kabi bu gal ham juda zo‘r o‘ynadi, 90 daqiqa harakat qildi, gol urish uchun juda ko‘p imkoniyat yaratdi.
Ketishi kutilayotgan Shomurodovning g‘alabada xizmatlari juda katta bo‘ldi. Eldor haqiqiy professional ekanini namoyish qildi.
Franco Cavallari:
Do‘stlar, bir taklif bor... Artyom Dovbik va Lorentso Pellegrinini “Venetsiya”ga jo‘natib, Eldor Shomurodovni Rimda olib qolaylik!
Albert Morina:
Shomurodov 23 daqiqa ichida Artyom Dovbik 20 ta o‘yinda yugurgan masofadan ham ko‘proq harakat qildi va raqibga bosim o‘tkazdi. Bundan keyin asosiy hujumchi Eldor, uning o‘rinbosari Dovbik bo‘lishi kerak.
Agar Shomurodovga Dovbikka berilganidek ko‘p vaqt taqdim qilinsa, u jamoamizning eng zo‘r to‘purariga aylangan bo‘lardi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsumda o‘zi ishtirok etgan musobaqalar – A Seriya, Italiya kubogi va nihoyat, Evropa ligasida o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar