
Shomurodov Rimni oyoqqa turg‘azdi!
“Roma” joriy mavsumda ajoyib natijalarni qayd etmoqda. Klaudio Raneri shogirdlari mavsum o‘rtalarida quruq orzudek ko‘ringan Evropa Chempionlari ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.
Italiya matbuoti Rim “bo‘rilari”ning 19 ta uchrashuvga etgan mag‘lubiyatsiz seriyasini tahlil qilyapti. Poytaxtliklar 73 yoshli qariya murabbiy qo‘l ostida 14 ta g‘alaba va beshta durang qayd etdi.
Italiyaning eng nufuzli nashrlaridan hisoblangan La Repubblica gazetasi ekspertlari “Roma”ning “Fiorentina” ustidan qozongan g‘alabasini tahlil qilar ekan, bu to‘qnashuvdagi yagona gol urilishida ishtirok etgan Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik tandemining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Sports.uz portali La Repubblica gazetasida chop etilgan “Rim Shomurodov va Dovbik bilan Evpopaga yaqinlashmoqda” sarlavhali maqolasida keltirilgan qiziqarli ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- “Roma” ikki hujumchi – Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik bilan Evropaga yaqinlashmoqda. “Roma” va “Fiorentina” uchrashuvi bosh murabbiy Klaudio Raneri bundan buyon Dovbik va Shomurodov dueti samarasiga ko‘z yuma olmasligini ko‘rsatdi.
Shomurodovning pasidan keyin Dovbik gol urib, rimliklarga qimmatli g‘alabani keltirdi.
Ukrainalik hujumchi raqib jarima maydonchasida jismoniy kuch-quvvatiga tayanib harakat qiladi. O‘zbekistonlik legioner esa, unga umuman teskari o‘yin namoyish qiladi. Shomurodov o‘yinda faol qatnashishga, bo‘sh hududlar ochishga, yakkakurashlarda ishtirok etishga tinimsiz urinadi. Bu ikki hujumchi birga o‘ynab, Rimni oyoqqa turg‘azdi.
Umuman olganda hozirgacha, ikki markaziy hujumchi o‘n bitta uchrashuvda 350 daqiqadan ko‘proq maydonda birgalikda harakat qilgan. Qolgan bahslarda ular zarur paytda maydonga tushib, o‘yinda burilish yasash vazifasini olib kelayotgan edi.
Endi bu ikki hujumchi qurbonlari qatoriga “Fiorentina”ni ham qo‘shib qo‘yish mumkin. Raneri ta’kidlaganidek, “Jamoasi bu ikki markaziy hujumchi bilan oldingi chiziqda nacha xavfli o‘yin namoyish qiladi”.
Endi Raneri o‘zining bu gaplariga natija, raqamlar va ochkolarni isbot tariqasida keltirishi mumkin. Mavsum oxiriga kelib, murabbiy oldingi chiziqda uzoq davom etgan muammolarga munosib echim topgan ko‘rinadi, - deb yozdi La Repubblica gazetasi.
Ta’kidlash joizki, 29 yoshli legionerimiz chempionatning hal qiluvchi pallasida jamoaning asosiy figurasiga aylandi. Xususan, Eldor oxirgi beshta uchrashuvda to‘rtta samarali harakatni amalga oshirdi. Dastlab, hamyurtimiz “Yuventus” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Keyin “Verona” bilan bahsda yagona g‘alaba to‘pini kiritdi. Oxirgi ikki turda – “Inter” bilan bellashuvda Matias Sulening, “Fiorentina”ga qarshi bahsda Artyom Dovbikning g‘alaba goliga to‘p uzatib berdi.
Joriy mavsumda Eldor Shomurodov A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasi musobaqalarida jami 34 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga ettita gol va beshta assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Shomurodov “Roma”ning “top-5”dagi tarixiy rekordini ta’minlab berdi!
Fikrlar