
Shomurodov kuchayib ketdi...
2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon chempionatiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov yana muhokamalar markazida bo‘lib turibdi.
“Roma”da mavsumni yuqori darajada yakunlagan futbolchimizning xaridorlari ko‘payib bormoqda. So‘nggi paytda legionerimiz AQSh, Frantsiya va Turkiya klublaridan taklif olgani haqida ma’lumotlar ko‘p tarqatila boshladi.
Shu bilan bir qatorda Eldor Shomurodov Rossiya chempionatida “Rostov”da birga o‘ynagan sobiq jamoadoshlarining ham e’tiborida turibdi. Xususan, hamyurtiiz bilan rostovliklar sharafini himoya qilgan rossiyalik futbolchi Arseniy Logashov jurnalistlar bilan suhbatda o‘zbekistonlik forvardning kuchli tomonlari haqida gapirib o‘tdi.
- Eldor menda har tomonlama ijobiy taassurot qoldirgan. U maqsad sari intiluvchi, tezkor, gol urishni biladigan, texnik imkoniyatlari yuqori va maydonni yaxshi ko‘ra oladigan futbolchi.
Shomurodovga “Rostov”da bosh murabbiy Valeriy Karpin juda ko‘p yordam ko‘rsatgan. Uning agentlaridan German Tkachenko haligacha katta ko‘mak berib keladi.
Eldorni kimga qiyoslash mumkin? Menimcha, hech kimga o‘xshamaydi. Bizning Eldor shunaqa.
Shomurodov yildan yilga kuchayib, mahorati oshib borayotganini va ko‘proq o‘ynayotganini ko‘rishimiz mumkin. U to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti, ya’ni mehnatkash, ko‘ngli ochiq, samimiy va bir so‘z bilan aytganda, ajoyib yigit. Men unga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.
Men o‘zbek futbolchilarini katta o‘sish bilan tabriklayman. Hozir ularda juda kuchli terma jamoa shakllangan. 2004 yili Gretsiya Evropa chempionatida uddalagani kabi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 2026 yilgi jahon chempionatida syurpriz namoyish qilishga qodir, - dedi Arseniy Logashov.
Eslatib o‘tamiz, Arseniy Logashov “Rostov”dan tashqari “Ximki”, “Anji”, “Lokomotiv Moskva”, “Tosno”, “Baltika” va “Kuban” kabi jamoalarda to‘p tepgan. 2014 yili “Rostov” safida, bir yildan keyin “Lokomotiv” jamoasi tarkibida Rossiya kubogida g‘olib chiqqan.
Eldor Shomurodov O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor” jamoalari sharafini himoya qilganidan keyin 2017 yili “Rostov”ga ko‘chib o‘tdi. Uning kuchli hujumchi bo‘lib etishishida futbolchilik davrida Evropa maydonlarida ham porlagan bosh murabbiy Valeriy Karpinning hissasi katta bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Hamyurtimiz 2020 yilning oktyabr oyida Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa”ga ko‘chib o‘tdi va debyut mavsumidayoq sakkizta gol urgani bir necha grand klublarning e’tiborini o‘zbek futbolchisiga qaratdi. Natijada Shomurodov “Roma” futbolchisiga aylandi.
Rimliklar bilan uzoq muddatli shartnoma tuzgan hujumchi orada ijara asosida “Spetsiya” va “Kalyari”da ham o‘ynab keldi.
Umuman olganda, Eldor Shomurodov Italiyaning to‘rt klubi safida A Seriyada jami 129 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 19 ta gol va 13 ta assist yozdirib qo‘ydi. Hujumchimiz 2021 yili ilk bor o‘tkazilgan UEFA Konferentsiyalar ligasining birinchi g‘olibi sifatida nomini tarixga yozdirib qo‘ygan.
Shomurodov 2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi. U xalqaro maydonda jami 82 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 42 marta ishg‘ol qilgan.
Fikrlar