“Real”da eng katta maosh olayotgan oʻyinchilardan David Alaba ham joriy mavsum tugashi bilan klubni tark etadigan boʻlyapti. Bu haqida nufuzli insayder Fabrizio Romano xabar bermoqda.
Manba maʼlumotiga koʻra, tomonlar yaqinlashib kelayotgan yozda tugaydigan mehnat shartnomasini uzaytirmaydi.
Ammo Alaba darajasidagi universal himoyachi ishsiz qolib ketmasligi tayin. Avstriyalik futbolchi atrofidagi vaziyatni bir necha klub kuzatib turibdi va ular tajribali oʻyinchini erkin agent maqomida bepul oʻz safiga qoʻshib olishga tayyor.
Alaba “Bavariya”dagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin 2021 yilning yozidan “Real”ga transfer qilingan edi.
Keyingi paytda u juda koʻp jarohatlandi. Xususan, 33 yoshli futbolchi jarohatlar va sport formasidagi muammolar tufayli bu mavsum barcha musobaqalarda atigi 13 marta maydonga tushdi xolos.