Rasman: Islom Ismoilov "Neftchi" bosh murabbiyi! Yangi vazifalar ham ma’lum
- 2-декабр 2025, 11:29
- Shuhratbek Jo’rayev
- 0
- Futbol
O‘zbekistonning amaldagi chempioni - Farg‘onaning "Neftchi" jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Kuni kecha klub bilan xayrlashgan Vitaliy Levchenko o‘rnini kutilganidek Islom Ismoilov egalladi. Bu haqida Farg‘ona viloyati hokimligini matbuot xizmati xabar berdi.
"Farg‘ona viloyatining sharafli o‘g‘loni, O‘zbekiston U-17 terma jamoasini Osiyo chempionligiga etaklagan va Jahon chempionati nimchorak finaliga olib chiqqan murabbiy — Islombek Ismoilov “Neftchi” PFKning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli natijalarga erishib, murabbiylik sohasida eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida tanilgan. U boshqargan U-17 terma jamoasi zamonaviy o‘yin uslubi, intizom va xarakter bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
“Neftchi” jamoasi chempioni sifatida kelgusi mavsumdagi asosiy vazifalar —
chempionlikni saqlab qolish va mustahkamlash,
Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etish,
jamoaning raqobatbardosh va uzluksiz rivojini ta’minlash.
Islombek Ismoilovga jamoamizni boshqarishdek sharafli va mas’uliyatli vazifada ulkan zafarlar tilaymiz", - deyiladi rasmiy xabarda.