
Rashid G‘ofurov: Aslida 9 ta o‘yinda yuta olmagan murabbiyning iste’foga chiqarilishi tabiiy, lekin Kanchelskisni hech kim haydagani yo‘q
Muxlislar Rashid G‘ofurovni yaxshi eslashadi. Namangan futboli tarbiyalanuvchisi. O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surgan va “Navbahor”da ham ko‘p yillar davomida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.
Hozirda u murabbiylik ishi bilan shug‘ullanib kelmoqda va birinchi ligada “Navbahor”ning farm klubini boshqaryapti. O‘z vaqtida u “Navbahor” jamoasiga ma’lum vaqt bosh murabbiylik ham qilgan. Futbolchilik davrida o‘zidan yaxshi nom qoldirgan mutaxassis “Navbahor”ning bugungi kuni haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Navbahor”ning Superligadagi ishtiroki haqida
- Klubda murabbiylar keldi-ketdisi bo‘lyapti. Qolaversa, viloyat hokimi almashdi, - deya so‘zini boshladi, G‘ofurov. - Yangi hokim ham futbolni yaxshi ko‘radi, futbolning ichidagi inson. Lekin har kimning futbolga o‘z qarashi bo‘ladi. Birinchi navbatda futbolchilar rahbariyatning o‘zgargan yoki o‘zgarmaganiga qaramasligi kerak. Yaratilayotgan shart-sharoitlar bir xil darajadami, demak, futbolchilar maydonda bor kuchi bilan o‘ynashlari kerak. Toshkentda markazlashgan holda o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham jamoaning o‘yini qovushmayotgandi. Balki boshqalar rahbariyat yoki murabbiylarning o‘zgarishini sabab qilib ko‘rsatishi mumkin, ammo bularning aloqasi yo‘q. Futbolchilar yaratilayotgan sharoitlarga yarasha o‘ynashlari kerak-da. Bu bilan hamma aybni o‘yinchilarga ag‘darib qo‘ymoqchi emasman. Faqat futbolchilar maydonga tushganda atrofdagi hamma narsani unutib, bor e’tiborini o‘yinga qaratishlari shart. Men ham futbolchi bo‘lganman va ularning tarafini olaman. Lekin klubda moliyaviy muammolar yo‘q. Hamma gap futbolchilarning o‘zida qoldi. Ularning sharoiti va mashg‘ulotlarini ko‘rib, bundan ortiq yana nima kerak deysiz-da! Lekin jamoaning ichki muhitida nima bo‘layotganini bilmayman.
Kanchelskisning klubdan ketishiga munosabati qanday?
- Avvalambor klubda ishlayotgan murabbiy sifatida Kanchelskis haqida munosabat bildirishga haqqim yo‘q. Albatta, uni hurmat qilaman. O‘zi bilan bir-ikki marta gaplashganman. Lekin mashg‘ulotlarida qatnashmaganman. Hamma murabbiyning futbolga qarashi bor. Unga ham etarlicha imkoniyat berishdi. O‘zining qudrati va kuchidan kelib chiqqanda “Navbahor”ga yarashmaydigan natijalar bo‘lyapti. Imkoniyat bo‘lsa, shunchalik bo‘lar. Bu bilan murabbiyni ayblamoqchi emasman. Faqat vaziyatga real qarasak, rahbariyat ham shunchalik imkoniyat berib, kutar. Aslida Andrey Kanchelskisni hech kim haydagani yo‘q. Oxirgi uchrashuvdan keyin o‘zi ham tushunib etdi shekilli. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Buxoro” bilan o‘yindan so‘ng Namanganga kelmasdan o‘sha erdan Rossiyaga ketgan. U ishlaydimi yo ishlamaydimi, menga farqi yo‘q. Biroq 9 ta uchrashuvdan beri birorta g‘alaba bo‘lmaganidan so‘ng har qanday rahbariyatning ham toqati toq bo‘ladi-da. To‘g‘risini aytsam, uning o‘rnida mahalliy murabbiy bo‘lganida 9 ta o‘yinga emas, 4 ta o‘yinga ham etib bormasdi. Rossiyalik mutaxassis esa shuncha g‘alabasiz seriyadan keyin o‘zi ham taqdirga tan berdi, shekilli-da. Hattoki, shunda ham rahbariyat unga ket, deb aytishmagan. Bu bilan Kanchelskisni yomonlamoqchi emasman. Balki keyingi jamoasida yaxshiroq natijalarga erishishi mumkin. Lekin “Navbahor”da kim ishlashidan qat’iy nazar 9 ta uchrashuvda g‘alaba qozona olmadimi, albatta unga chiqish eshiklari ochiladi, aslida.
Rossiyalik murabbiy “Navbahor”ga nima bera oldi?
- Uning amalda nima bergani yoki nima olganini ko‘rganim yo‘q. To‘g‘risini aytish kerak-da. O‘zidan nima qoldirdi degani “Navbahor”ning hali chiroyli, hujumkor o‘ynaganini ko‘rmadim. Bu birgina Kanchelskis bilan bog‘liq emas. Klubda ishlagan murabbiylarni nazarda tutyapman. Faqat muxlislarning jonkuyarligi, ularning daldasi va ishtiyoq bilan yutib yuravergani ko‘zga tashlanib qoldi. Mana, pandemiya davrida ishqibozlarning yo‘qligi jamoaga bilinib qoldi. Misol uchun, Ro‘ziqul Berdievning ishiga qoyil qolaman. U jamoasidan etakchilari ketib qolsa aslo cho‘chimaydi. Ketganlarning o‘rnini bosadigan munosib yoshlari etishib chiqishda davom etyapti. Akademiyasi, o‘rinbosarlari yaxshi ishlayapti. Berdiev yoshlar bilan qanday jamoa shakllantirganini ko‘ring. “Nasaf”da o‘yin sur’ati bor. Murabbiyning imzosi ko‘rinib turibdi. Jamoa o‘yinini ko‘rib biroz bo‘lsa ham rohatlanasiz. “Navbahor”dagi o‘yinchilarni ko‘ring, nomi chiqqan futbolchilar, tajribali, terma jamoani ko‘rishgan. Lekin jamoada o‘yin sur’atini ko‘rmadim. Aslida esa rahbariyat tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlarga yarasha “Nasaf”dan yaxshiroq o‘ynashi kerak. Shuningdek, shuncha qilinayotgan harakatlar va olib kelingan legionerlarga yarasha klubning 8-o‘rinda yurishi salbiy holat. O‘zimizni mahalliy yigitlar bilan ham ana shu o‘rinda yursa bo‘ladi. Xorijlik murabbiy va futbolchilarni olib kelishdan maqsad “Navbahor”ni Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqish. Agar ular jamoani sovrinli o‘rinlarga va Chempionlar ligasiga olib chiqa olmasa, unda shuncha xarajat qilib, olib kelishni nima keragi bor? Klub akademiyasini ko‘rsangiz vodiyda yo‘q. Ko‘rib havas qildim. O‘zim “Bunyodkor”da ham ishlaganman va u erdagi akademiya bilan solishtirdim. “Bunyodkor”nikidan qolishmaydigan akademiya ochildi. Qilinayotgan ishlarning barchasi Namangan futbolini rivojlantirish uchun. Xudo xohlasa, bir necha yildan keyin mevasini berishni boshlasa, bundan faqat “Navbahor” yutadi.
Aslida klubga qanday murabbiy zarur?
- “Navbahor”ga qanday murabbiy kerak? O‘zim shu yo‘lni bosib o‘tganman. To‘g‘ri, men ham qoyillatib qo‘ymaganman. Aytmoqchimanki, bu oson ish emas. O‘sha paytda menga ham Kanchelskisga o‘xshab 9 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmasak ham ishlayvergin deyishganida, balki keyinchalik vaziyatni o‘nglab yuborgan bo‘larmidik. O‘shanda tomdan tarasha tushgandek shoshilinch bilan ish boshlangandi. Agar o‘zim ishni qoyillatib qo‘yganimda edi, klubga u yoki bu murabbiy kerak, deb gapirsam arzirdi. Agar “Navbahor”ga, Namangan futboliga har tomonlama foydasi tegadigan murabbiy bo‘lsa, hammaga yaxshi bo‘ladi. Mana, endi No‘’mon aka Hasanovga imkoniyat berildi. Agar natijalar yaxshilansa u bilan hamkorlikni uzaytirishlari mumkin. Murabbiy faoliyati davomida hamma narsaga tayyor turishi kerak.
Hozirgi ishi xususida
- Bizning oldimizga pro-ligaga chiqish maqsadi qo‘yilmagan. Namangan futbol yurti bo‘lgani uchun bizda o‘yinchilar ko‘p. Maqsadimiz iqtidorli yoshlarni tarbiyalab asosiy jamoaga etkazib berish. Muhimi, ularda o‘yin amaliyoti bo‘lishi uchun birinchi ligada qatnashib yuribmiz. Hozirgacha 4-5 nafar yoshlarimizni o‘rinbosarlar va asosiy jamoamizga berdik. Oldimizga asosan shunaqa vazifa qo‘yilgan. Biz alohida jamoa emasmiz. “Navbahor” qoshidagi farm-klubmiz.
Fikrlar